Ushbu reyting innovatsionlik, kreativ yondashuv, milliy merosni aks ettirish hamda ekologik samaradorlik kabi qat'iy mezonlar asosida shakllantiriladi. Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guaden o'z maktubida mazkur saralash munosabati bilan samimiy tabriklar yo'llab, Markazning 2026-yilgi ro'yxatda ishtirokini tasdiqlash bo'yicha rasmiy yo'riqnomani ham taqdim etgan.
Prix Versailles — zamonaviy me'moriy, madaniy va estetik muhitni shakllantirayotgan eng ilg'or loyihalarni har yili e'tirof etuvchi dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur ro'yxatga kiritilishi uning konseptsiyasi, ramziy ma'nodorligi hamda Yevroosiyo gumanitar makoni rivojiga qo'shayotgan hissasining xalqaro miqyosda e'tirof etilganini anglatadi.
Rasmiy xabarga ko'ra, Markaz nafaqat 2026-yilning eng go'zal muzeylari ro'yxatiga kiritilgan, balki 2026-yil uchun uchta oliy jahon unvonlaridan biriga da'vogarlik qilish huquqini ham qo'lga kiritgan. Bular — Grand Prix Versailles, «Interyer» nominatsiyasi yoki «Eksteryer» nominatsiyasidir. Jahon unvonlari sohiblarini tantanali e'lon qilish marosimi 2026-yil yakunida Parij shahridagi UNESCO qarorgohida yoki Mukofot kotibiyati tomonidan belgilanadigan boshqa qabul qiluvchi shaharda o'tkazilishi rejalashtirilgan.
«Prix Versailles global ro'yxatiga kiritilishi Markazning mintaqaning me'moriy dominantasi va O'zbekistonning zamonaviy madaniy yuksalish ramzi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi. Ushbu qaror mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning mualliflik loyihasi zamonaviy muzey va madaniy tashabbuslar orasida eng ahamiyatlilaridan biri sifatida yuksak baholanganini tasdiqlaydi», — deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Uning ta'kidlashicha, Markaz bugunning o'zidayoq Markaziy Osiyodagi eng yirik gumanitar va ilmiy-madaniy majmua sifatida jahonda tan olingan.
Bunga Islom sivilizatsiyasi markazining Smithsonian Magazine, BBC Travel, BBC History va National Geographic kabi nufuzli xalqaro nashrlar va reytinglarda e'tirof etilgani yaqqol dalil bo'ladi. Bu esa Markazni Lucas Museum of Narrative Art (Los-Anjeles), National Geographic Museum of Exploration (Vashington, D.C.), London Museum (London) kabi jahon miqyosidagi yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorga qo'yadi. Avvalroq CNN telekanali Islom sivilizatsiyasi markazini «zamonaviy davrning eng ko'lamli madaniy loyihalaridan biri» deya ta'riflab, uning o'ziga xos fazoviy ko'rsatkichlarini alohida ta'kidlagan: inshoot o'z o'lchamlari jihatidan mashhur Hollywood yozuvidan to'rt barobar baland va Oq uydan yetti barobar kattadir.
Bunday xalqaro e'tirof O'zbekistonning jahon madaniy xaritasidagi o'rni izchil mustahkamlanayotganini yaqqol namoyon etadi.
O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026-yil mart oyiga rejalashtirilgan.