Oʻzbekiston Prezidentining Parlamentga murojaatida yangi chora-tadbirlar, jumladan, biznesni qoʻllab-quvvatlash, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirish moratoriysini yana bir yilga uzaytirish, soliq imtiyozlari, oziq-ovqat, neft va elektr sanoatidagi 73 tovar mahsulotiga aksiz soligʻini bekor qilish va sogʻliqni saqlash xarajatlarini oshirish haqida eʼlon qilindi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan 2020-yilning dekabr oyida Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitini baholash uchun korxonalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi. Soʻrovnomada respublika boʻyicha 1000 dan ortiq korxonalar ishtirok etdi. Mutaxassislar tadbirkorlardan ularning biznesini rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida savollar bilan murojaat qilishdi.
Soʻrovnoma ikki yoʻnalishda oʻtkazildi:
- biznesning hozirgi holatini sifatli baholash;
- tadbirkorlarning oʻz biznesi boʻyicha keyingi 2-3 oylik kutilmalari.
Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitining tahlili shuni koʻrsatdiki, biznesning hozirgi holati koʻrsatkichi oʻtgan oyga nisbatan 6 punktga oshib 33 ballni tashkil etdi, bu esa tadbirkorlarning oʻz biznesining hozirgi holatiga nisbatan oʻrtacha moʻtadil ijobiy kayfiyatda ekanligini bildiradi.
Xususan, sanoat saohasida indeks 10 balga koʻtarildi, qurilish va xizmatlar sohalarida mos ravishda 14 va 24 punktga oʻsish kuzatildi. Qishloq xoʻjaligi sohasida esa aksincha 24 ballga pasayish kuzatildi.

Soʻrovnoma oʻtkazilgan 1003 ta korxonaning 41 foizi biznesning hozirgi holatini “yaxshi”, 41 foizi “qoniqarli” va 18 foizi “yomon” deb baholadi.
Korxonalarning 36 foizi tovarlar/xizmatlar uchun talab “oshdi”, 45 foizi – “oʻzgarmadi”, 19 foizi – “yomonlashdi” deb baholagan. Korxonalarning 18 foizida xodimlar soni “oʻzgarmagan", 73 foizida “kamaygan” va 9 foizida “oshgan”.
Keyingi 3 oy davomida biznesni rivojlantirish kutilmalari indeksi oʻtgan oyga nisbatan 22 punktga oshib 73 ballni tashkil etdi, yaʼni tadbirkorlarning kelgusi 3 oy ichida oʻz biznesini rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida umidlari ijobiydir.
Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasidagi istiqbollarni kutish koʻrsatkichi mos ravishda 29 ballga, sanoat – 21 ballga, qurilish – 39 ball, xizmat koʻrsatish sohasida - 14 ballga oshgan.

Soʻrovda qatnashgan 1003 korxonadan 73 %i oʻz biznesining istiqbollarini “yaxshilanmoqda”, 23% - “oʻzgarmaydi” deb baholashdi va atigi 4% “yomonlashadi” deb taxmin qilishgan.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, tovar/xizmatlarga talab koʻrsatkichini korxonalarning 60 foizi “yaxshilanadi”, 32 foizida “oʻzgarmaydi”, 8 foizi “yomonlashadi” deb baholagan. Korxonalarning 59 foizi ishchilar sonini “oshadi”, 39 foizi “oʻzgarmaydi” va 1 foizi “pasayadi” degan taxmin qilishgan.
Shuningdek, mazkur korxonalarning 27 % mahsulotlarning narxi “oʻzgarmaydi”, 54% “bilmayman” deb javob berishdi, 16% korxonalar tovarlari/xizmatlari narxlarining “oshadi” kutmoqdalar va atigi 3% - “pasayadi” deb taxmin qilgan.
Ishbilarmonlik muhiti indikatori oʻtgan oyga nisbatan 13 punktga oshib 52 punktni tashkil etdi. Yaʼni, mamlakatda ishbilarmonlik muhiti “yaxshi” deb baholanadi.
Mavjud vaziyat va taxminlar qiymatlari oʻrtasidagi bogʻliqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi yaqin 3 oy ichida davom etishini anglatadi. Xususan, 2020-yil noyabr oyiga nisbatan qishloq xoʻjaligida ishbilarmonlik muhitining koʻrsatkichi 1 puntga oshdi, sanoatda va qurilishda mos ravishda 15 va 29 punktga, xizmat koʻrsatishda 19 punktga oshganligi qayd etildi.
Hamkor davlatlarda joriy yilning dekabr oyidagi ishbilarmonlik muhiti boʻyicha shu kabi koʻrsatkichlarini uchun quyidagicha boʻldi: Turkiya (7) va Rossiya (-7.3), Xitoy (1.9), Janubiy Koreya (-18).
Feruzbek Davletov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi