Bu haqda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huquqiy maslahatchisi Hasan Umarov Qonunchilik palatasining “Parlament FM” podkastida maʼlum qildi.
Hasan Umarov trassalardagi ruxsat etilgan maksimal tezlik umumiy foydalanishdagi yoʻllarga qaraganda yuqori boʻlishini taʼkidladi.
“Umumiy foydalanishdagi bepul yoʻllarda ruxsat etilgan tezlik 90 km/soat boʻlsa, pulli yoʻllarda 150 km/soatgacha harakatlanish mumkin boʻladi. [Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi] qonun kuchga kirgach, yoʻl harakati qoidalariga qoʻshimchalar kiritiladi”, — dedi qoʻmita vakili.
Uning qoʻshimcha qilishicha, pulli yoʻllar servis jihatdan yuqori servis xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatini berish kerak.
“Pulli yoʻlni ikki tarafdan oʻralgan boʻladi, servis xizmati yuqori darajada boʻladi, har 50−100 kilometrda, masalan, toʻxtash joylari, yoqilgʻi shoxobchalari, dam olish joylari boʻladi”, — dedi Umarov.
Podkastda qatnashgan deputat Farhod Zayniyevning qayd etishicha, pulli yoʻllar faqat mavjud bepul yoʻllarga muqobil sifatida quriladi — yaʼni haydovchida tanlov boʻladi.
Zayniyev pulli yoʻllar yalpi ichki mahsulotga ijobiy taʼsiri haqida gapirdi.
“[Pulli yoʻllar] umumiy hisobda yalpi ichki mahsulotimizga ham taʼsir qiladi. Endi hisob-kitoblar boʻyicha shu yoʻllar joriy qilinsa, kamida 2−3 foiz oʻsha yalpi ichki mahsulotga taʼsir qilishi kutilyapti”, — dedi deputat.
Shuningdek, tez yordam, ichki ishlar va favqulodda xizmat mashinalari pulli yoʻldan bepul foydalanadi. Belgilangan tezlikni oshirganlik uchun oddiy yoʻllardagi kabi jarimalar qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, pulli yoʻllarda yengil va yuk avtomobillari uchun alohida yoʻlaklar ajratilishi mumkin. Bu yuk mashinalarini quvib oʻtish holatlarining oldini olish orqali yoʻl harakati xavfsizligini oshirish imkonini beradi.
Hasan Umarovning taʼkidlashicha, umumiy foydalanishdagi yoʻllarda tirbandliklar asosan chorrahalar tufayli yuzaga keladi, pulli yoʻllar esa uzluksiz harakatni taʼminlaydi. Boshqa yoʻllar bilan kesishuvlar turli darajalarda — yoʻl oʻtkazgichlar va koʻpriklar qurilishi hisobiga tashkil etiladi.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi vakilining aniqlik kiritishicha, hukumat metodikasida tabaqalashtirilgan tariflar nazarda tutilgan — ham trassa boʻylab toʻliq yurish uchun, ham bosib oʻtilgan har bir kilometr uchun. Vazirlar Mahkamasi hujjatni avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunning yangi tahriri kuchga kirgandan soʻng tasdiqlaydi.
«Agar siz 100−200 km masofaga [oddiy yoʻllar boʻylab] yursangiz, yoʻlda koʻplab radarlarga duch kelasiz. Tezlikni oshirishning har bir holati uchun 200 ming soʻm (jarimaning 50 foizi — tahr.) toʻlashga toʻgʻri keladi. Xuddi shu 200 km masofani pulli yoʻldan bosib oʻtish esa, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 100 ming soʻmga tushadi», — dedi Hasan Umarov.
Uning soʻzlariga koʻra, pulli yoʻllar fuqarolarga tezlik cheklovini buzish haqida oʻylamasdan, manzilga tezroq yetib olish imkonini beradi. Natijada umumfoydalanishdagi yoʻllardagi tirbandlik ham kamayadi, deya qoʻshimcha qildi u.
Hasan Umarovning maʼlum qilishicha, Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon pulli yoʻllarini qurib foydalanishga topshirish muddati 5-yildan 6-yilgacha belgilangan. “6-yildan keyin bu yoʻldan foydalanishi mumkin boʻladi”, — dedi u.