Nazorat tadbirlari davomida belgilangan talablarni jiddiy ravishda buzgan obyektlar faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatilishi mumkin.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, bino va inshootlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash majburiyati bevosita maskan rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Shu bois, vazirlik mutasaddilardan evakuatsiya yoʻllarini shay holatda saqlashni, yongʻin signalizatsiyasi va texnik himoya vositalarining sozligini doimiy nazorat qilishni hamda binolarni yongʻin oʻchirish vositalari bilan yetarli darajada jihozlashni talab qilmoqda.

Shuningdek, binolarni ijaraga berishda ham xavfsizlik qoidalariga rioya etish majburiyati shartnomada aniq koʻrsatilishi zarur.

Bu kabi qatʼiy choralar Toshkent shahridagi “Aviator” savdo markazida yuz bergan yongʻin kabi koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Hozirda respublika boʻylab ishchi guruhlar tuzilib, joylarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Talablarni qoʻpol ravishda buzgan va xavfsizlikka beʼetibor boʻlgan masʼul shaxslarga nisbatan maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanishi eslatib oʻtildi.