Ushbu vaksinalarni yetkazib berish Epidemiyalarga tayyorgarlikni taʼminlash maqsadida innovatsiyalar uchun koalitsiya (CEPI), Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans (GAVI), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF)dan iborat boʻlgan COVAX global hamkorligi doirasida amalga oshirilyapti.

— Oʻzbekiston GAVI tashkilotining COVAX dasturiga aʼzo davlatlar qatoriga kiradi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining oʻrinbosari Botir Qurbonov. — Shu bois, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 2021-yil yanvar oyida koronavirusga qarshi emlash uchun vaksina yetkazib berish yuzasidan GAVI tashkilotiga buyurtma berilgan edi.

Ushbu hamkorlik doirasida yilning oxiriga qadar mamlakatimizga umumiy miqdorda 20 foiz aholini emlash uchun yetarli darajada vaksina, shpris va xavfsiz utilizatsiya qutilari yetkazib berilishi koʻzda tutilgan. COVAX fondi hisobidan Oʻzbekistonga 2 million dozadan ortiq AstraZeneca vaksinasini yetkazish, shundan 2021-yil I chorakda 35-40 foizini, qolgan qismini II chorakdan dunyo boʻylab vaksinalarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Bugun olib kelingan 660 ming doza vaksinalar COVAX Oʻzbekiston uchun ajratgan 2 million doza vaksinalarning birinchi qismidir. Vaksinalarning qolgan qismi yaqin oylarda yetkazib beriladi.

Ushbu vaksinalar bilan respublikamizda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari boshlanadi va bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

Yil boshida mamlakatimizda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda YUNISEF va JSST bilan hamkorlikda Respublikada koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish boʻyicha milliy dastur ishlab chiqildi.

Unga koʻra, aholining yuqori xavfga ega qatlamlari belgilanib, ularni emlash uchun 3 ming 138 ta emlash punktlari, hamda 862 ta mobil brigadalari shay holga keltirildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval COVID-19ga qarshi emlashni amalga oshirishga tayyorgarlik uchun YUNISEF poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206 ta Miniven-Labo avtomobillarini topshirgan edi.