ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 mln dozalik birinchi partiyasi joriy yilning 27-mart kuni, 1 mln dozasi – 27-aprel kuni, yana 1 mln dozasi 18-may va 500 ming doza 19-may kuni, shuningdek 1 mln dozasi 10-iyun kuni keltirilgan. Demak, Oʻzbekistonga shu kungacha jami 4 mln 500 ming doza oʻzbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi keltirilgan.
yni kunda Toshkentda 18 yoshdan yuqori aholi ixtiyoriy ravishda mazkur vaksina bilan emlanmoqda.
Bu Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan hamda oʻzbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlari olib borilgan koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinadir.
Xitoy-Oʻzbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini yaratishda koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olingan boʻlib, organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil boʻladi. Bunday vaksinalar boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega hisoblanadi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Xitoyning ZF2001 vaksinasi ustidagi tadqiqotlarni keng koʻlamda oʻtkazilishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Amalga oshirilgan ishlar natijasida xitoylik hamkorlarimiz Oʻzbekistonni mazkur vaksina hammuallifi deb eʼlon qildi va vaksinaga ZF-UZ-VAC2001 deb nom berildi. ZF-UZ-VAC 2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) vaksina tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Roʻyxat raqami - DV/X 08646/03/21.
Mazkur vaksina bilan Xitoyda 90 million aholi emlandi. Shu paytgacha mazkur vaksina bilan emlanganlar orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan.
Joriy oyda ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining samaradorligi haqida Cell Research" nufuzli xalqaro ilmiy jurnalida maqola chop etilgani ham eʼtiborga molikdir.
Maqolada COVID-19 bilan kasallangan bemorlar, sogʻlom insonlar va mazkur ikki vaksinalar bilan emlangan shaxslarning qonidan olingan plazmalarning samaradorligi “afrikancha” shtammga nisbatan tekshirilgan. Inaktivlangan va rekombinant vaksina bilan emlanganlar va kasallikka chalingan shaxslarning plazmasi olinib, haqiqiy virus va psevdo virusni neytrallash (zararsizlantirish) in vitro testlari oʻtkazilganda, rekombinant ZF-UZ-VAC2001 vaksinasida ushbu mutant variantni zararsizlantirish xususiyati nisbatan yuqori ekanini tasdiqlagan. Shuningdek, maqolada D614G mutant varianti (ushbu variant ayni damda butun dunyoda tarqalgan boʻlib, dominant variant hisoblanadi) nazorat sifatida olingan boʻlib, vaksinalarning ushbu variantni neytrallash koʻrsatkichi test variantlarinikidan ham balandroq ekani aniqlangan.
Shuningdek, tadqiqot natijasida ZF-UZ-VAC200 vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari orasidagi muddatlari standart protokoldan uzunroq ekanligi vaksinaning samaradorligini oshishiga olib kelishi aniqlangan.