Maqola muallifi - hamyurtimiz, asli toshkentlik, grossmeyster Grigoriy Serper. U 1988- yilda o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, 1989 yilda Yevropa chempioni, 1999- yilda shaxmat bo‘yicha jahon ochiq chempionati g‘olibi bo‘lgan. Bundan tashqari, Grigoriy Serper 1992 yilda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Shaxmat olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 1996 yildan beri vatandoshimiz AQShda yashaydi va yoshlarga shaxmat sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Amerika shaxmat federatsiyasi aʼzosi.
Maqolada yaqinda Isroil davlatida bo‘lib o‘tgan FIDE jamoaviy jahon chempionatida O‘zbekiston shaxmatchilari faxrli ikkinchi o‘rinni egallagani qayd etilgan. «Xitoy shaxmat bo‘yicha o‘zining ulkan salohiyatini yana bir bor namoyish etdi. Ammo O‘zbekiston bu voqeaning yana bir qahramoni bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyat bilan Olimpiada chempionlari jahon shaxmat elitasidagi o‘z o‘rnini yana-da mustahkamladi».
«Bundan roppa-rosa yetti yil avval, 2015 yili men ushbu saytda o‘z tahlillarimni eʼlon qilgan edim: «Bugun men O‘zbekistonda qanday yangi isteʼdodlar yetishib chiqayotganini ko‘rib turibman: Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindarov va boshqalar. Kelajakda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi jahon shaxmat oilasini yana lol qoldirsa hayron bo‘lmang», deb yozadi muallif o‘z maqolasida.
Grigoriy Serperning qayd etishicha, o‘zbekistonlik grossmeysterlar o‘z o‘yinlarida raqib xatolaridan unumli foydalanish orqali, o‘zbekistonlik ko‘plab shaxmatchilarga xos bo‘lgan klassik usulda dona surmoqda.
Muallifning taʼkidlashicha, bugungi kunda o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan juda isteʼdodli o‘zbek shaxmatchilari katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. «Sizni yana bir ajoyib yosh shaxmatchi bilan tanishtirmoqchiman. Men grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev haqida gapiryapman. Ko‘pchilik boshqa mashhur Nodirbekni (Abdusattorovni) biladi, ammo Yoqubboyevda jahon grossmeysteri bo‘lish uchun hamma jihat bor. Uning uslubi imkon qadar klassik! Uning so‘nggi ikki o‘yini menda katta taassurot qoldirdi», deb yozadi muallif hamyurtimiz va boshqa grossmeysterlar o‘rtasidagi o‘yinlarni sharhlar ekan.
«Ishonchim komilki, hatto Akiba Rubinshteyn (shaxmat bo‘yicha barcha davrlarning eng buyuk strateglaridan biri) yoki Xose Raul Kapablanka (shaxmat bo‘yicha uchinchi jahon chempioni) kabi afsonaviy shaxmatchilar ham bunday o‘yin ko‘rsatshdan faxrlanishadi. Sababi oddiy: Rubinshteyn yoki Kapablankaning aksariyat raqiblari bu gigantlardan ancha kuchsizroq bo‘lgan, o‘yinlar esa bir yoqlama edi. Ayni paytda Yoqubboyevning raqiblaridan biri, grossmeyster Evgeniy Tomashevskiy bir paytlar dunyo reytingida 13-o‘rinni egallab turgan edi».
Grigoriy Serper o‘z maqolasi yakunida «Agar siz shaxmatda o‘sishni xohlayotgan yangi shaxmatchi bo‘lsangiz, o‘zbek grossmeysterlari tomonidan yaratilgan klassik shaxmat usuli va zamonaviy shaxmat klassikasini o‘rganing», deb taʼkidlaydi.
Eslatib o‘tamiz: “Chess.com” veb-sayti shaxmatni onlayn o‘rganish va va o‘ynash uchun shaxmat ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi shu nomdagi kompaniya tomonidan 2007 yilda tashkil etilgan. Kompaniya AQShda joylashgan, ammo 35 mamlakatda 400 nafardan ortiq xodimlarga ega. Bugungi kunda ushbu onlayn maydonchada 100 millionga yaqin grossmeyster va shaxmat ishqibozlari har kuni bir-birlari bilan muloqot qilishadi, o‘zaro fikr almashadi, ko‘zga ko‘ringan shaxmatchilarning o‘yinlarini tahlil etishadi.