Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Janubiy Koreyada XIX Xalqaro standartlar olimpiadasida gʻoliblar qatoridan oʻrin oldi

    Ta'lim 15 Avgust 2024 121

    Joriy yil 12-14-avgust kunlari Janubiy Koreyada tashkil etilgan XIX Xalqaro standartlar olimpiadasida (ISO — International Standards Olympiad) Oʻzbekiston oʻquvchilari yurtimiz sharafini munosib himoya qildilar.

    Mazkur olimpiadada mamlakatimiz sharafini Toshkent shahridagi Prezident maktabi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchilari himoya qildilar.

    Yakuniy natijalar boʻyicha Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchilari Javlon Hasanov, Islom Boyqobilov va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf oʻquvchisi Asliddin Olimjonov oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Shuningdek, Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf oʻquvchisi Umar Azimov hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf oʻquvchilari Diyoraxon Mahmudova va Ibrohim Ismoilovlar kumush medal sohibi boʻldilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Xalqaro standartlar olimpiadasi butun dunyo boʻylab oʻrta maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladi.

    Turnir 2014-yilda sinov tariqasida xalqaro miqyosda oʻtkazilgan boʻlib, 2015-yildan boshlab rasman xalqaro olimpiada sifatida tan olingan.