“Do‘st og‘ir kunda bilinadi”, deganlaridek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchilardan bo‘lib Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, chuqur hamdardlik izhor etdi.
Birodar Turkiya xalqiga zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashish maqsadida, bugun O‘zbekistondan ikkita samolyot Adana va Gaziantep shaharlariga gumanitar yordam hamda qutqaruvchilar guruhini olib keldi. Etnik o‘zbeklar ko‘p yashaydigan hududda qutqaruvchilarimiz o‘z ishini boshlab yubordi va yetib kelgan gumanitar yuk ehtiyojmandlarga yetkazib berilmoqda.
Turkiyaning janubiy viloyatlarida ko‘plab o‘zbeklar yashaydigan mahalla va qishloqlar mavjud. Halokatli zilzila aynan ular istiqomat qiladigan hududlarga yaqin yerda sodir bo‘lgan. Xususan, 15 mingdan ortiq o‘zbek yashaydigan Hatay viloyatidagi Ovakent (Ovakent) qishlog‘i eng ko‘p jabrlangan hududlardan biri. Turkiya rasmiylari bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, O‘zbekistondan kelgan 100 ga yaqin qutqaruvchilar hozirda aynan ushbu hududga yo‘naltirildi va qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.
Adana shahrida joylashgan o‘zbeklar uyushmasi rahbari Usmon Bek O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, jumladan quyidagilarni qayd etdi:
- Avvalo O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va butun O‘zbekiston xalqiga katta rahmat! Qiyin kunimizda bizni yolg‘iz qo‘ymadilar. Bizga gumanitar yordam va qutqaruvchilar guruhini jo‘natishdi. Qutqaruvchilar og‘ir ahvolga tushib qolgan kishilarga yaqindan yordam ko‘rsatmoqda. Gumanitar yordam ham qisqa fursatlarda o‘z egalariga yetkaziladi.