“Men, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi sifatida, Oʻrinboyevga oʻz hayotini xavf ostiga qoʻya turib Ginovan shahrining dengizida choʻkib ketayotgan yapon oʻsmirini qutqargani uchun chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman”, — deydi elchi.
“Hozirda Oʻrinboyev Yaponiyaning eng janubiy qismida joylashgan Okinava prefekturasida tahsil oladi. Oʻzi ham dengizga birinchi marta tushganiga qaramay, bor kuchi bilan suzib borib, odam qutqargan ushbu oʻzbek oʻsmirining jasurligi va vijdonliligi uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimni izhor etishga ijozat bering”, — dedi Yoshinori Fujiyama.
Nippon NewsNetworkʻning lavhalaridan bir guruh yoshlar “pirs” va qirgʻoqda turganini, ular kuchli toʻlqin sababli sohilgacha suzib bora olmayotgan oʻsmirga qoʻl silkiyotganini koʻrish mumkin. Eldor Oʻrinboyev esa suvga sakrab, oʻsmirni suvdan tortib chiqarishga uringan, unga sohilda turgan ikki nafar boshqa yigit ham yordam bergan.
Yigit televideniyega bergan intervyusi juda ogʻir boʻlganini aytib oʻtgan: “Oson deb oʻylagandim, suvga tushganimdan keyin oʻzimga qutqaruvchi kerak boʻlib qoladi, degan xayollar ham boʻldi”.
Yaponiya elchisi ushbu mamlakatda choʻkayotgan insonga yordam berishga urinayotgan shaxsning oʻzi bilan baxtsiz hodisa roʻy bergan holatlar koʻplab uchrashini qayd etgan.
“Garchi, Oʻrinboyev tutgan yoʻl dengizga umrida birinchi marta tushgan inson hayoti uchun xavfli boʻlsa-da, uning ushbu xatti-harakati juda qadrli va ahamiyatlidir”, — deya taʼkidlaydi elchixonadagilar.