Oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliygohlaridagi kvotalar koʻpaytiriladi

    Ta'lim 22 Dekabr 2020 3368

    Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev ikki mamlakat oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya OTMlarida kvotalar sonini oshirish ustida ish olib borayotganini maʼlum qildi.

    Rossiya va Oʻzbekiston oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy taʼlim muassasalarida kvotalar sonini oshirish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev maʼlum qildi.

    “Boʻlib oʻtgan saralash kampaniyasida Oʻzbekiston uchun hukumat kvotasining 228 ta oʻriniga 4 mingdan ortiq nomzod ariza topshirgan, bu esa kvotani oshirish zarurligidan dalolat beradi. Biz bu yoʻnalishda tegishli ishlarni amalga oshiryapmiz”, - dedi Tyurdenev Toshkentda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida. Uning soʻzlaridan Sputnik muxbiri keltirmoqda.

    Elchining maʼlum qilishicha, bugungi kunda Rossiya OTMlarida 30 mingdan ziyod oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Umuman olganda, Rossiyada Oʻzbekiston bu koʻrsatkich boʻyicha xorijiy davlatlar orasida yetakchilik qilmoqda.

    Shuningdek, Tyurdenev Rossiya OTMlarining Oʻzbekistondagi filiallari tarmogʻini izchil kengaytirish masalasiga ham eʼtibor qaratdi. Xususan, yaqinda ToshkentdaGersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filiali va Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) vakolatxonasi ochildi.

    Elchi RUDN Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari oʻrtasidagi kelishuvga asosan migrantlarni oʻqitish uchun qoʻshimcha umumtaʼlim dasturlarini olib borayotganini eslatdi.