Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov va Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uygʻur avtonom viloyati hukumati raisi Erkin Tuniyaz “Oʻzbekiston fuqarolariga Xitoy oliy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun stipendiyalar taqdim etish toʻgʻrisida”gi kelishuvni imzoladilar.

Shartnomaga koʻra, Xitoy tomoni har yili noyabr oyining oxirigacha Oʻzbekiston fuqarolari tahsil olishi mumkin boʻlgan oliy oʻquv yurtlari roʻyxatini, stipendiya dasturlari shartlari va talablari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa Shinjon-Uygʻur avtonom tumanidagi universitetlarda oʻqish uchun tavsiya etilgan talabalar roʻyxatini taqdim etadi.

Xitoyda oʻqish uchun nomzodlar maʼlum darajadagi xitoy tilini bilishi talab etiladi. Zarur hollarda stipendiyaga tavsiya etilgan talabalar uchun til kurslari tashkil qilinishi mumkin.

Birlamchi kelishuvga koʻra, stipendiyalar oʻqish, toʻlovlar hamda turar joy, sugʻurta mukofotlari (shu jumladan, tibbiy sugʻurta) va yashash xarajatlarining bir qismini qoplashi nazarda tutilgan.