Delegatsiyamiz a'zolari 17—21-oktyabr kunlari Rim shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida o'tkazilgan Butunjahon oziq-ovqat forumida ishtirok etdi. FAO tomonidan "Sog'lom ovqatlanish. Sog'lom Dunyo" mavzusida tashkil etilgan tadbirda qatnashish uchun Italiya poytaxtida dunyoning turli mamlakatlaridan 2 ming dan ortiq vakillar to'plandi va bundan tashqari butun dunyodan o'n minglab ishtirokchilar tadbirga onlayn shaklda qo'shilishdi.
Tadbir doirasida Global yoshlar forumi, FAO fan va innovatsiyalar forumi va FAO investitsiya forumi bo'lib o'tdi. Bir hafta davomida bo'lib o'tgan uchrashuv yoshlar, fermerlar, qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari, siyosatchilar, olimlar va investorlar o'rtasida global oziq-ovqat muammolari to'g'risida muloqotni rivojlantirishga yordam berdi.
FAO ma'lumotlariga ko'ra, mojarolar, iqlim o'zgarishi va COVID-19 pandemiyasi global oziq-ovqat inqirozining asosiy sabablaridan biri bo'ldi. FAO o'zining “2022-yilda dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati” mavzusidagi so'nggi hisobotida o'tgan yili dunyo bo'ylab 828 million kishi ocharchilikka duchor bo'lgani, bu ko'rsatkich 2020-yilga nisbatan 46 million kishiga ko'p ekanligini ma'lum qildi.
Dunyo yoshlari o'tkir oziq-ovqat inqirozini hal etish bo'yicha global harakatni yaratish orqali ochib bera olishi mumkin bo'lgan ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Tadbir turli mamlakatlardan ko'p sonli yoshlarni o'sib borayotgan global oziq-ovqat inqiroziga qarshi innovatsiyalar va texnologiyalar orqali kurashishning eng samarali usullarini muhokama qilish uchun birlashtirdi. Ular orasida O'zbekiston yoshlar delegatsiyasi a'zolari – FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi yoshlar bilan ishlash bo'yicha mas'ul xodimi Nargiza Xo'jayeva, Toshkent davlat agrar universiteti doktoranti Saidjaxon Xasanov va barqaror rivojlanish sohasidagi startap loyihalari rahbari Ummatoy Yo'ldoshevalar bor.
Forum doirasida O'zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi tomonidan “Yoshlar uchun muhim imkoniyatlar: raqamli vositalar va qishloq xo'jaligidagi innovatsiyalar” mavzusida alohida tadbir (“Uzbekistan side-event”) tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilariga o'zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi o'zbek oshxonasining asosiy milliy taomi — an'anaviy palov tortiq etildi. Quvonarlisi, tadbir joriy yilda Rim shahridagi FAO bosh qarorgohida ochilgan Uzbekistan lounge tematik zalida bo'lib o'tdi.