2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi doirasida, shuningdek 30-iyun – Oʻzbekistonda “Yoshlar kuni” munosabati bilan mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Tailandning “Prince of Songkla University”, “Fatoni University” oliy oʻquv yurtlari professor oʻqituvchilari va yoshlar tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti yosh mutaxassislari, shuningdek, Tailand hududidagi yosh vatandoshlar ishtirokida onlayn trening tashkil etildi.

Tadbirda yoshlarga “Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi davlatlarida yoshlar tashkilotlari boshqaruvi” hamda “Tailandda yoshlar tashkilotlarini boshqarish” mavzularini qamrab olgan taqdimot oʻtkazildi.

Shu tariqa oʻzbekistonlik yoshlar nafaqat Tailand, balki butun Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida yoshlar tashkilotlarining tuzilishi, ulardagi boshqaruv shakllari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot olishga muvaffaq boʻldi, mintaqadagi yoshlar tashkilotlari bilan kelajakdagi hamkorlik yoʻnalishlarini aniq belgilab olishlari uchun imkoniyat yaratildi.

Tailandning Fatoni universiteti xalqaro aloqalar va bitiruvchilar boʻyicha rektor oʻrinbosari professor Sukri Langputeh Oʻzbekistonda yoshlarga davlatning eng katta boyligi sifatida berilayotgan eʼtibor va imkoniyatlarni yuqori baholar ekan, mamlakatimiz yoshlari ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda kelajakda barcha sohalarda katta muvaffaqiyatga erishishlarini tiladi. Shu bilan birga, Sukri Langputeh oʻzbekistonlik yoshlarni Tailandda malaka oshirish uchun Fatoni universitetiga taklif etdi.

Muloqot yakunida tomonlar oʻrtasida bunday uchrashuvlarni muntazam oʻtkazib turish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.