GSPA – bu dunyoning 200 ga yaqin professional yuristlaridan iborat tarmoq. Bosh ofisi Gaaga(Niderlandiya)da joylashgan. Markaz turli sohalarda yuridik va hakamlik xizmatlarini taklif etadi, xalqaro huquq savdo va investitsiya, vositachilik va arbitraj, yuridik ekspertiza va tavakkalchilik masalalari boʻyicha oʻquv kurslari, konferensiyalar va seminarlarni tashkil etadi.

Uchrashuv davomida GSPA dunyoning bir qator yetakchi hakamlik institutlari, shuningdek, advokatlik firmalari bilan faol hamkorlik qilayotganligi taʼkidlandi. GSPA faoliyatining asosiy yoʻnalishlari investitsiyalar boʻyicha nizolar, shartnomalar tuzish va nizolarni hakamlik sudlari tomonidan hal qilinishiga koʻmaklashishdir.

GSPA rahbariyati bir qator mamlakatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda malakali yuristlar uchun 2020-21 yillarda grantlar ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Grantning miqdori daʼvogarning malaka darajasiga, ariza beruvchilarning soniga va stajirovkaning yoʻnalishiga bogʻliq boʻladi.

GSPA biron xalqaro tashkilot yoki Niderlandiyada joylashgan tadqiqot instituti tomonidan qabul qilingan nomzodlarni oʻqitish yoki malaka oshirish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.. Odatda ajratilgan mablagʻ nomzodning uch oy davomida Niderlandiyada boʻlishi bilan bogʻliq har oylik xarajatlarning 50 foizini qoplashi kerak. GSPA hisob-kitoblariga koʻra, bu oyiga 400 yevrodan 500 yevrogacha boʻlgan miqdorni tashkil qiladi.

Nomzodlarga qoʻyiladigan asosiy talablar- bu tegishli maʼlumotga ega boʻlish, ingliz tilini mukammal bilish, davlat yoki xususiy tarmoqdagi huquqiy sohadagi tajriba.

Uchrashuv yakunida kelgusida oʻzaro hamkorlikning mumkin boʻlgan yoʻnalishlarini batafsil oʻzlashtirish maqsadida jalb qilingan vazirliklar, idoralar va Oʻzbekistonning ixtisoslashtirilgan universitetlari ishtirokida videokonferensiya oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.