Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan Oʻzbekiston bank tizimidagi islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligi, raqobat muhiti oʻzgarishi hamda barqarorlik darajasini baholab borish maqsadida “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqilgan. Markaz mazkur indeksga asosan har chorakda 31 tijorat banklari reytingini yangilab bormoqda.

2022-yil 1-mart holatiga respublikamiz bank tizimi aktivlari 436,8 trln. soʻm (2021-yil 1-mart holatiga nisbatan oʻsish – 19,3 foiz), majburiyatlari 365 trln. soʻm (oʻsish 19%), kreditlari 327,2 trln. soʻm (oʻsish 16,8%) hamda depozitlari 148,4 trln. soʻmni (oʻsish 31,2%) tashkil etdi. Hozirgi kunda bank tizimida 57 mingga yaqin kishi faoliyat olib bormoqda.

Markaz tadqiqotida banklar ikki guruhga boʻlingan — katta va kichik. Reyting ushbu guruhlarning har biri uchun alohida-alohida tuzilgan. Shu bilan birga, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida (yoki faqat bitta viloyatda) faoliyat yurituvchi banklar kiradi.

17 ta yirik banklar uchun tuzilgan umumiy reytingda Trast bank 1 pogʻonaga koʻtarilib, 2-oʻrindan joy oldi. Mazkur bank daromad olish salohiyati, aktivlar sifati hamda likvidlilik boʻyicha yetakchi banklardan biri boʻlib kelmoqda. Shunday boʻlsada, reyting natijalari Trast bank moliyaviy ommaboplik koʻrsatkichlariga, xususan har bir filialiga toʻgʻri keluvchi kredit olgan yuridik va jismoniy shaxslar sonini oshirishga eʼtibor qaratishi lozimligini koʻrsatmoqda.

Transformatsiya va xususiylashtirish jarayonidagi davlat ulushi mavjud banklardan Ipoteka bank 6 pogʻonaga yuqorilab, 3-oʻringa koʻtarildi. Ushbu bank moliyaviy ommaboplik yetakchilikni saqlab qolish bilan birga, boshqaruv samaradorligi, likvidlilik, aktivlar sifati hamda kapital yetarliligi ijobiy natijalarga erishdi. Bankning moliyaviy vositachilik boʻyicha reytingi muddatli depozitlarning kreditlariga nisbatini yanada oshirish, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablagʻlar hamda Moliya vazirligi oldidagi majburiyatlari boʻyicha koʻrsatkichlarini yaxshilash lozimligini koʻrsatmoqda.

Oʻzsanoatqurilishbank umumiy reytingda 3-pogʻonaga koʻtarilib, 10-oʻrindan joy oldi. Mazkur bank boshqaruv samaradorligi boʻyicha yetakchilik qilayotgan boʻlsa, daromad olish salohiyati hamda likvidlilik koʻrsatkichlari boʻyicha sezilarli ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi. Bankning moliyaviy vositachilik va ommaboplik boʻyicha koʻrsatkichlari muddatli depozitlarning kreditlariga nisbatini oshirib, boshqa banklar va moliya institutlari hamda hukumat oldidagi majburiyatlarining umumiy majburiyatlaridagi ulushini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda.

2022-yilning 1-choragi uchun kichik banklar faolik reytingi

Xususiylashtirish jarayonidagi banklardagi oʻzgarishlar hamda bank tizimida raqobat muhitining kuchayib borayotganligi xususiy banklarni ham yanada rivojlanish, innovatsion moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar borasida izlanish lozimligidan dalolat bermoqda, deydi tadqiqot muallifi.

Oʻzbekistondagi 14 ta kichik banklari faollik reytingida Davrbank va Ziraat bank oʻz oʻrnini saqlab qoldi.

Anor bank va Poytaxt bank oʻzaro oʻrin almashishdi.

Markazning jamoatchilik bilan ishlash xizmati