“Dunyo” AAning xabar berishicha, tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Maldiv oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati hamda kelajakdagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli yoʻnalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Prezident Muhammad Muizzu Maldiv Respublikasi Oʻzbekiston bilan BMT, IHT, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar, jumladan, iqlim oʻzgarishi, barqaror rivojlanish va mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Alohida eʼtibor turizm va oliy taʼlim yoʻnalishida sheriklikni rivojlantirishga qaratildi. Xususan, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida Maldiv Respublikasi talabalarini oʻqitish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni ochish, viza rejimini soddalashtirish va qoʻshma sayohat paketlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga kelishildi.
Tomonlar oliy va yuqori darajadagi tashriflar tashkil qilish, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari delegatsiyalari almashinuvini yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr bildirdi.









