Tadbir Ganna shahri meriyasi, «Cultures du Monde» tinchlik madaniyati milliy assotsiatsiyasi va O'zbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Xalqaro festival YUNESKOning rasmiy hamkori hisoblanadi va 48-marotaba tashkil etilmoqda. Festivalda Gana, Hindiston, Frantsiya, Urugvay va boshqa mamlakatlardan raqs guruhlari va musiqachilar ham ishtirok etishdi.

 Mazkur tadbirda Mukarrama Turg'unboeva nomidagi «Bahor» xalq raqs ansambli va «Hunarmand» uyushmasi vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi faxriy mehmon sifatida taklif etildi.

Festivalda O'zbekiston delegatsiyasining kontsert dasturi, mamlakatimiz milliy madaniy merosi, o'zbek hunarmandlarining ijod namunalarini namoyish etildi. Anjumanning miniatyura, yog'och o'ymakorligi va milliy kashtachilik san'atini rivojlantirishga bag'ishlangan sho''ba tadbirida o'zbek milliy taomlari ham namoyish etildi.

Yana bir muhim jihat. Ushbu xalqaro tadbir doirasida mamlakatimizning Parijdagi elchixonasi tashabbusi bilan o'zbek xalqining madaniy merosi va an'analarini Frantsiya jamoatchiligi o'rtasida keng targ'ib etish hamda ikki davlat o'rtasidagi do'stona muhitni yanada mustahkamlashga ko'zda tutadigan «O'zbekiston madaniyati kunlari» ham tashkil etildi.

Ushbu tadbir mehmonlari «Kashtachi», «Qo'g'irchoq», «Mustazod», «Yor-yor» va boshqa mumtoz qo'shiqlar, shuningdek, Xorazm xalq raqsi «Lazgi»ni  tinglashdi, eng muhimi, o'zbek xalq amaliy san'ati durdonalarini o'z ko'zlari bilan ko'rishga muyassar bo'ldilar. Maktab o'quvchilari uchun tashkil qilingan seminarlar davomida esa bolalar O'zbekiston milliy raqs va musiqasi tarixi bilan yaqindan tanishishdi, ular o'zbekistonlik san'atkorlarning har bir chiqishi oldidan interaktiv suhbatlarda faol qatnashdilar.

Ganna meri Veronic Puzadu Frantsiya va O'zbekiston o'rtasida diplomatiya munosabatlari o'rnatilganining 30 yilligi bilan tabriklar ekan, O'zbekiston delegatsiyasi tinchlik va do'stlik xalqaro madaniyat festivalida faol ishtirok etayotganini alohida ta'kidladi. U mamlakatimiz vakillariga O'zbekiston-Frantsiya do'stlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo'shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

O'zbek palovini tayyorlash bo'yicha mahorat darslari ham festivalning mehmonlari va ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.