Loyiha doirasida Samarqand, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarining chekka tumanlarida joylashgan qishloq vrachlik punktlari, oilaviy shifokorlik punktlarini tibbiyot jihozlari hamda COVID-19ga qarshi maxsus toʻplamlar bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Joriy yil 25-fevralda Toshkent shahrida Oʻzbekistonning 6 ta tumaniga tibbiyot buyumlari va uskunalarini joʻnatish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda “Yuksalish” UMH, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbariyati, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi va OAV vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, koronavirus pandemiyasi aholining zaif qatlamlariga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Joriy etilgan karantin choralari, ayniqsa, daromadi past, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, qarovchisi boʻlmagan yolgʻiz qariyalar, bemorlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning ahvolini yanada zaiflashtirdi. Hukumat tomonidan ana shunday muhtoj qatlamlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida amaliy choralar koʻrildi: aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolariga nafaqa tayinlangani, 400 mingdan koʻproq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik pul mablagʻlari ajratilgani bunga misol.
Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari orqali COVID-19 pandemiyasining taʼsirini kamaytirishga oid qiymati 1 million yevro boʻlgan Dasturni ishga tushirgan. Ushbu Dastur doirasida “Yuksalish” umummilliy harakatining loyihasiga 400 ming yevroga yaqin miqdorda mablagʻ ajratilgan. Bu bilan mamlakatda gumanitar, tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etishda hukumatga koʻmaklashish, jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularning salohiyatini oʻstirish koʻzda tutilgan. Dastur doirasidagi ushbu loyihada nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlamlari ham qarorlar qabul qilishda ishtirok etib kelyapti.
Loyiha doirasida Paxtachi, Qoʻshrabot, Qarshi, Chiroqchi, Jalaquduq tumanlaridagi va Xonobod shahridagi tibbiyot muassasalariga ehtiyojlaridan kelib chiqib, 35 turdagi zarur tibbiy buyumlar va uskunalar (kislorod konsentratori, pulsoksimetr, tonometr, raqamli termometr, elektrokardiograf, elektron tarozi, tibbiy biks, tibbiy kushetka, bioximik mikroskop, tibbiy niqob va qoʻlqoplar va hk.) taqdim etilyapti. Ushbu maqsadlar uchun jami 280,5 million soʻm mablagʻ sarflandi. Shu jumladan, Samarqand viloyatiga 91,6 million soʻmlik, Qashqadaryo viloyatiga 88,6 million soʻmlik va Andijon viloyatiga 100,3 million soʻmlik tibbiy taʼminot koʻmagi koʻrsatilyapti.
Tadbirda “Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmurodov, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Hamkorlik boʻlimi boshligʻi Fransua Bejo tanlab olingan chekka hududlarga tibbiyot buyumlari va uskunalarini topshirish toʻgʻrisidagi sertifikatlarni imzoladi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.