Taqdimotda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi hamda Oʻzbekiston paxta va toʻqimachilik klasterlari, AQSH toʻqimachilik industriyasi vakillari, Oʻzbekiston agrar sektoridagi AQSH investorlari – “CNH Industrial” va “John Deere”, Paxta boʻyicha Milliy kengash savdo birlashmasi, “Global Trade Alliance of America” kompaniyasi, Qoʻshma Shtatlarning Tijorat xizmati, Davlat departamenti va diplomatik korpus, shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Jahon banki vakillari ishtirok etdi.
Tadbir boshida Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatining raqobatbardosh ustunliklari, qishloq xoʻjaligida klaster ishlab chiqarishni rivojlantirishning oʻziga xos xususiyatlari va paxta yigʻim-terimi jarayonini mexanizatsiyalash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Oʻzbekiston klaster tizimi doirasida mehnat amaliyoti boʻyicha toʻliq oshkoralikni taʼminlash va ishlab chiqarish siklining barcha bosqichlarini – paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha kuzatish imkonini beradigan zamonaviy korxonalarni tashkil etish boʻyicha saʼy-harakatlar tushuntirildi.
Shuningdek, ishtirokchilar Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, paxta tolasini qayta ishlash sohasidagi mavjud salohiyat, qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, Oʻzbekiston ichki va tashqi bozori ehtiyojlari haqida maʼlumot oldi.
“UztexGroup”, “Bunyoidkor Textile”, “Nil Granit” va “Haj Textile” milliy toʻqimachilik kompaniyalari ishlab chiqarish va eksport salohiyati alohida namoyish etildi.
“White & Case” kompaniyasi vakili K.Yong “davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va qishloq xoʻjaligidagi inqilobiy oʻzgarishlar tufayli Oʻzbekiston toʻqimachilik sektori misli koʻrilmagan oʻsish surʼatlarini namoyish etyapti”, — deb taʼkidladi.
AQSHning koʻplab toʻqimachilik brendlari manfaatlarini himoya qiluvchi “Fontheim International” kompaniyasi prezidenti K.Fonteyn “Oʻzbekiston toʻqimachilik va tikuvchilik sanoati Yevropa va Amerika bozorlarida oʻz ishtirokini kengaytirish uchun tarixiy imkoniyatga ega”, — deb taʼkidladi.
Taqdimot vaqtida Oʻzbekiston klaster tizimida qoʻllaniladigan yetkazib berish zanjirlarida kuzatishni taʼminlash mexanizmlari, atrof muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv standartlari (ESG), tayyor toʻqimachilik mahsulotlarining transport yoʻnalishlari va eksport bozorlari haqida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga izohlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.