Tashrif doirasida viloyat hokimining oʻrinbosarlari Rizo Asadov, Mirali Hamroyev, Ahror Gʻulomov va boshqa mutasaddilar ishtirokida muzokaralar oʻtkazildi.
Xususan, Isroil davlatining ilgʻor zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yuqori sifatli qoplamalar (issiqxona plyonkalari, toʻrlari va boshqa zarur jihozlari) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik “Ginegar Plastic Products” kompaniyasi tomonidan “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Maʼlumot oʻrnida: Isroilning “Ginegar Plastic Products” kompaniyasiga 1969-yilda asos solingan boʻlib, AQSH, Braziliya, Isroil, Italiya va Hindiston davlatlarida oʻz ishlab chiqarish korxonalariga ega. Shuningdek, kompaniya tomonidan xalqaro tan olingan Ginegar brendi ostida dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlaridagi mijozlarga xizmat koʻrsatilmoqda.
Shu bilan birga, Isroil davlati bilan sogʻliqni saqlash tizimida oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Isroil davlatida mehnat faoliyatini olib borayotgan, ishlab oʻz yurtiga qaytib kelgan Oʻzbekiston fuqarolari va ularning oila aʼzolariga ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar koʻrsatish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yoʻnaltirish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Muloqotda kelgusida Isroil va Avstriyadagi kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorlik qilish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tashqi savdo koʻlamini keskin oshirish masalalari xususida ham soʻz bordi.
Oʻz navbatida, Buxoro viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi hamda Isroil va Avstriya davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport-logistika va madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama manfaatli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.