Iqtisodiy jihatdn esa ushbu tashkilotga a'zo bo'lishdan ko'zlanadigan maqsad erkin savdo orqali yuqori turmush darajasiga erishish, to‘liq bandlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishish hisoblanadi. Ushbu tashkilotga a'zo bo'lish anchagina murakkab jarayon bo'lib, o'rtacha 5-6 yilni tashkil qiladi. Tashkilotga a'zo bo'lish uchun bir muncha uzoq muzokaralarni olib borgan Xitoy (15 yil), Rossiya (19 yil) kabi mamlakatlar ham mavjud. Ammo bu borada hozirda dunyoda JSTga a'zo bo'lish uchun eng ko'p vaqt sarflash masalasida O'zbekiston yakka peshqadam bo'lib turibdi.
Mamlakatimiz 1994-yilda ushbu tashkilotga a'zo bo'lish masalasida harakatlarni boshlagan. Biroq uzoq yillar davomida tashkilotga a'zolik bo'yicha qilinishi lozim bo'lgan ishlar amalga oshirilmadi. 2020-yildan boshlab esa O'zbekiston yana faol muzokara jarayoniga qaytdi. Bu gal O'zbekiston hukumati nafaqat mamlakat tashqarisida, balki mamalakat ichkarisida ham shu qadar faollik ko’rsatdiki, ko’cha kuydagi oddiy taksi haydovchisidan tortib, choyxonadagi oshpazgacha JSTga a’zolik O’zbekistonga qanday foyda beradi degan masalada o'z fikriga ega. Lekin a'zolik masalasi hali hanuzgacha ortga surilmoqda. Yaqindagina Azizbek Urunov o’z intervyusida O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lishi kechikayotganiga izoh berib, ushbu jarayonlar kechikishi mumkinligini aytib o’tgan edi. Mana mart oyi ham yakunlanmoqda, ammo 2026-yilning mart oyida kutilgan a’zolik amalga oshmadi. Biroq bu safar uni ortga surayotgan O'zbekiston emas, balki tashkilotga a’zo ba’zi bir mamlakatlar bilan muzokaralar jarayonidir. Bu esa JSTga a’zolikni ijobiy baholayotgan va bu a’zolik savdobni erkinlashtirib mamlakatimizni iqtisodiy yuksalishga yetaklaydi degan qarashdagi insonlar uchun yaxshi nishona.
Lekin so‘nggi yillarda jahon maydonida yuz berayotgan geosiyosiy hamda geoiqtisodiy katta o‘zgarishlar shu qadar ko‘p va tez sur’atlarda ro‘y bermoqdaki, ularning xalqaro savdo hamda iqtisodga ta’siri bo‘lmasligi ham mumkin emas. Xususan, so‘nggi vaqtlarda dunyo olimlarini chuqur havotirga solyotgan masala xalqaro huquqning boshqa asosiy qoidalari bilan birgalikda xalqaro savdoning fundamental qoidalariga nisbatan ham bepisandalik bilan qaralayotganidir. Bunga yorqin misol sifatida JSTning poydevori bo‘lgan Tariflar va savdo bo‘yicha bosh kelishuv (GATT)ning 1-moddasi, Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh kelishuv (GATS)ning 2-moddasi hamda boshqa kelishuvlarda muhim qoida etib belgilangan “Eng qulay rejim” (Most-Favoured-Nation (MFN) Treatment) tamoyilini keltirishimiz mumkin. Tarixan eng qulay rejim prinsipi Ikkinchi jahon urushidan keyin global savdo barqarorligini ta’minlash uchun joriy etilgan va World Trade Organization hamda uning avvalgi tizimi (GATT)ning asosiy qoidasi bo‘lib kelgan. Garchi erkin savdo bitimlari va rivojlanayotgan davlatlarga imtiyozlar kabi istisnolar mavjud bo‘lsa-da, eng qulay rejim umumiy qoida sifatida saqlanib kelgan
Ushbu qoida xalqaro savdodagi kamsitmaslik tamoyilining muhim qismi hisoblanadi. Mazkur qoidaga ko‘ra JSTga a’zo bo‘lgan mamlakat savdoni amalga oshirishda muayyan bir mamlakatga nisbatan yaratib bergan sharoitlarini boshqa bir mamlakatga ham shundan kam bo‘lmagan tarzda yaratib berishi lozim hisoblanadi. Sodda tilda hammga tanish holatga qiyosan tushuntiradigan bo‘lsak, Sardor degan yigit do‘kondor va u bir mijozga mahsulotni belgilangan narxdan o‘n foiz arzonroq narxda sotdi. Bu holatda Sardor boshqa mijozlarga ham aynan shu arzon narxni taklif qilishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, hech kimga alohida imtiyoz berib, boshqalarni bu imtiyozdan chetda qoldirishi mumkin emas. Xalqaro savdoda ham xuddi shunday. Tasavvur qilaylik, O‘zbekiston ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirdi, shunda uning bozoriga Xitoydan kirib kelayotgan elektron chiplar uchun yigirma foiz boj, boshqa bir davlatdan kirib kelayotgan shunday tovarlar uchun pastroq boj yoki yaxshiroq savdo shartlarini berishi mumkin emas. Qisqacha aytganda, bu tamoyil hamma uchun teng va kamsitilmaydigan savdo sharoitini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirda ushbu tamoyil inqirozga yuz tutayotgani borasida havotirlar mavjud va buni bayroq qilib ko‘tarayotgan olimlar ham talaygina. Buning asosiy omili so‘nggi yillarda JST mavjudligining tayanchi bo‘lgan AQSh bu tamoyildan chekina boshlaganidir. Ushbu mamlakat hozirda JST doirasida kelishilganidan ko‘ra yuqori bojlar (tariflar) joriy qilib, ayrim davlatlarga esa boshqalarga nisbatan yomonroq shartlar qo‘llamoqda. Xususan, AQSh importining faqat kichik qismi (taxminan 10%) eng qulay rejim asosida amalga oshmoqda. Boshqa yirik iqtisodiyotlar, masalan, Yevropa Ittifoqi va Xitoyda bu ko‘rsatkich ancha yuqori. Albatta, AQSh Ikkinchi jahon urushidan keying global savdo tizimining asosiy arxitektori bo‘lgani uchun ko‘p hollarda uning pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bundan tashqari, AQSh bozori dunyoning eng katta bozorlaridan biri bo‘lgani sababli, ko‘plab davlatlar JSTni saqlab qolish uchun AQShni “rozi qilishga” tayyor. Bu esa AQShga katta ta’sir kuchi beradi. Masalan, AQSh tomonidan eng qulay rejim qoidalariga munosabat o‘zgargandan keyin, dunyoda “qoidalarga asoslangan tartibot” (rule-based order) g‘oyasini ilgari suradigan Yevropa Ittifoqi ham kelajakda eng qulay rejim tamoyilini yumshatishi mumkinligi va unga qat’iy amal qilishdan chekinishi ehtimolini bildirdi. Bu esa Eng qulay rejim tamoyilining tanazzuliga olib kelishi mumkin.
Leking bu yerda asosiy savol shunday, agarda mazkur eng qulay rejim tamoyili yumshatilsa yoki u inqirozga yuz tutsa nima bo‘ladi? JSTga a’zo bo‘lishdan ma’no qolaydimi?
Albatta, mazkur tamoyilning inqirozga yuz tutishi bir qancha salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, savdoga siyosat ta’sir ko‘rsata boshlaydi. davlatlar o‘zlarining siyosiy jihatdan yaqin do‘stlariga bozorlar keng ochib qolganlar uchun bu bozorlarga kirishni qiyinlashtiradilar yoki umuman yopib qo‘yadilar. Shuningdek, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlar xalqaro savdo qoidalaridan jabr chekmasligi uchun va mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqarishi uchun beriladigan alohida imtiyozlar bekor qilinishi mumkin. Natijada JST tizimi izdan chiqib, Ikkinchi jahon urushidan avval yuzaga kelgan va keyinchalik Jahon urushining yuzga kelishida iqtisodiy omil bo‘lib xizmat qilgan davlatlarning bloklashuviga ham olib kelishi mumkin. Qisqa qilib aytganda, yirik siyosiy qudratlar tomonidan boshlab berilgan xalqaro huquqsizlik erkin savdoni ushlab turgan xalqaro savdo huquqi ustunlariga ham kuchli zarba bersa, JSTga a’zo bo‘lishdan ma’no qolmaydi.
Ammo dunyoda siyosat huquq kabi turg‘un emas. U juda tez o‘zgaradi. Shu sababli, dunyoda borayotgan barcha tendensiyalarni kuzatish juda ham muhim masala. Xususan, okeanning narigi tarafida yuqorida tilga olingan jarayonlar ro‘y berayotgan bo‘lsa-da, biz yashayotgan katta materikdagi davlatlarning maqsadlari boshqacha. Xususan, hozirda Osiyoning eng mustahkam iqtisodiga ega bo‘lib turgan sharqiy Osiyo mamlakatlari JST qoidalarini saqlab qolish va ushbu tizim orqali erkin savdoni amalga oshirish maqsadida sobit turibdilar. Chunki ular JST tizimi tanazzulga yuz tutsa nimalar bo‘lishi mumkinligini yaxshi anglaydilar. Bundan tashqari, JST mavjud bo‘lmasa, har bir davlat boshqa mamlakatlar bilan alohidadan ikki tomonlama, ko‘ptomonlama yoki mintaqaviy erkin savdo kelishuvlari tuzib chiqishi kerak bo‘ladi. Bu juda ham murakkab va mashaqqatli jarayon bo‘lib, uning necha yillarga cho‘zilishi-yu, qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mavhum. Bu jahon savdosini abgor ahvolga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, mazkur qisqagina maqolani shunday xulosa bilan yakunlash mumkin. O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida sobit turishi, bu yo‘ldan sira ham chekinmasligi va ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish orqali iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishi lozim.
A.Xakimov,
TDYU Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
fakulteti Tadqiqot markazi rahbari, yu.f.d.,