Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonining holati va istiqbollari xususida fikr almashildi.
Oʻzbekiston tomoni Jahon savdo tashkiloti bosh direktorini JSTning 13-Vazirlar konferensiyasi (2024-yil 26-fevral – 2-mart, Abu-Dabi shahri) muvaffaqiyatli oʻtkazilgani va uning doirasida koʻp tomonlama savdo tizimini mustahkamlash boʻyicha erishilgan muhim kelishuvlar bilan tabrikladi.
JST rahbari Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlish borasidagi chora-tadbirlarini yuqori baholadi. Taʼkidlanganidek, soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston aʼzo boʻlish jarayonidagi saʼy-harakatlarini sezilarli darajada faollashtirdi va JSTga aʼzo boʻlish ustuvor deb topilgan davlatlar qatoridan joy oldi.
Ngozi Okonjo-Iveala Oʻzbekiston JSTning navbatdagi toʻlaqonli aʼzosi boʻlishiga ishonch bildirdi. Shu nuqtayi nazardan, u tashkilot kotibiyati Oʻzbekiston saʼy-harakatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida JST bosh direktorining joriy yil iyun oyida Oʻzbekistonga tashrifiga tayyorgarlikni boshlash, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning 8-yigʻilishini tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish va qonunchilikni JST kelishuvlari va qoidalariga muvofiqlashtirishga koʻmaklashish boʻyicha kelishuvga erishildi.