Tadbir davomida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 5-yigʻilishi yakunlari hamda muzokaralar jarayoni doirasida yaqin kelajakda bajariladigan asosiy vazifalar muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, Ishchi guruhning 5-yigʻilishi doirasida koʻp tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar davomida JSTga aʼzo davlatlarga mamlakat tashqi savdo rejimi haqidagi barcha savollarga toʻliq javoblar taqdim etildi. Shuningdek, muzokaralar natijalariga asosan, amaliyotga muvofiq, iyul oyi oxirida JSTga aʼzo davlatlar tomonidan qoʻshimcha yozma savollar yuborildi.
JSTga aʼzo boʻlish doirasida faol ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazish, alohida qoʻshimcha hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish kabi joriy yilning oxirigacha amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilandi.
Oʻzbekiston boʻyicha Ishchi guruhning navbatdagi, 6-yigʻilishini joriy yil oxirigacha oʻtkazish uchun respublika JST Kotibiyatiga Tashkilotga aʼzo davlatlarning qoʻshimcha savollariga javoblar hamda soʻrovlarga muvofiq texnik jihatdan tartibga solish, intellektual mulk va boshqa yoʻnalishlarga oid yangilangan hujjatlarni taqdim etish zarurligi taʼkidlandi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari Ishchi guruhning 6-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida sifatli, oʻz vaqtida va har tomonlama puxta ish olib borishlari lozim.
Umuman olganda, Idoralararo komissiya aʼzolariga Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish, barcha vazifalarning yuqori professional darajada bajarilishini taʼminlash, vazirlik va idoralarning harakatlarini tizimli asosda muvofiqlashtirish darajasini oshirish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi. Shu bilan birga, belgilangan muddatlarni kechiktirishga yoʻl qoʻyilmaslik zarurligi alohida taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Yigʻilish yakunida respublikaning JSTga qoʻshilishi boʻyicha navbatdagi muzokaralarni samarali va sifatli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va aʼzo boʻlishning joriy holatini tahlil qilish boʻyicha haftalik ishchi muhokamalar oʻtkazishga qaror qilindi.