Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi

    Shu yilning 27-oktyabr kuni Vashington shahrida Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining yillik yigʻilishi doirasida Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti (JST) va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻli: islohotlar va global integratsiya” mavzusida yuqori darajali davra suhbati oʻtkazildi.

    Tadbirda Jahon banki vitse-prezidenti A.Bassani, JST Bosh direktori oʻrinbosari J.Xill, AQSH Savdo vakili oʻrinbosari B.Linch, AQSH-Oʻzbekiston savdo palatasi raisi K.Lemm, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, AQSH Prezidenti Administratsiyasi va Davlat departamenti, Qozogʻiston savdo vazirligi hamda Amerika yetakchi xususiy sektor kompaniyalari, shu jumladan yuridik va savdo birlashmalari vakillari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi doirasida amalga oshirayotgan muhim islohotlari, shuningdek koʻp-tomonlama savdo tizimi va global qoʻshilgan qiymat zanjirlariga qoʻshilish masalalari muhokama qilindi.

    Ochilish marosimida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani, JST bosh direktori oʻrinbosari Yoxanna Xill soʻzga chiqishdi. Ular Oʻzbekiston soʻnggi yillardagi tashkilotga aʼzo boʻlish jarayonida muhim natijalarga erishganini qayd etishdi. Jahon banki va JST vakillari Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashi va yaqin kelajakda mamlakatning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirdilar.

    Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va strategik islohotlarga hamda JSTga aʼzolik ushbu tub oʻzgarishlarning ajralmas bir qismi ekanligiga urgʻu berib, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga erishish rejalari bilan tanishtirdi. Mazkur saʼy-harakatlar mamlakatning xalqaro miqyosida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilganini taʼkidladi.

    Mazkur davra suhbati Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining afzalliklari haqida ekspertlar va rasmiylar oʻrtasida fikr almashish uchun platforma boʻlib xizmat qildi. Muhokamalar chogʻida Oʻzbekistonning islohotlari jahon savdosidagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qilishi, shuningdek, sarmoya jalb etish va iqtisodiy oʻsish uchun yangi imkoniyatlar ochishi alohida taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, XVJ va Jahon banki vakillari Oʻzbekistonni JSTga aʼzo boʻlganidan keyin kutilayotgan muhim iqtisodiy imkoniyatlarni taʼkidladilar. Ular tashkilotga aʼzo boʻlishdan Oʻzbekiston 5-7-yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsulotining qoʻshimcha 17 foizga oʻsishiga olib kelishi mumkinligini hisoblab, xizmatlar sohasini bu oʻsishning asosiy omillaridan biri sifatida qayd etildi.

    Davra suhbati yakunida ishtirokchilar islohotlar va integratsiya yoʻlidagi salmoqli muvaffaqiyatlarni qayd etib, 2026-yilda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonini yakunlash maqsadida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etildi.

    Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, shaffoflikni oshirish va barqaror iqtisodiy oʻsish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat islohotlarini davom ettirishda barcha hamkorlar Oʻzbekistonni toʻliq qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi.