Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishida xususiy sektorning oʻrni muhim

    Xalqaro hamkorlik 2 Dekabr 2022 1888

    Joriy yil 1-dekabrda “ Hilton Tashkent ” mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan BMTTD, UNCTAD/JST Xalqaro savdo markazi va JST Kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishining iqtisodiyotning turli tarmoqlariga taʼsiriga bagʻishlangan ushbu tadbirda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Abidov, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Savdo-sanoat palatasi, respublika xususiy sektori, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

    BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekiston Respublikasidagi Doimiy vakili Matilda Dimovska oʻz nutqida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Mamlakatning bu intilishlari, uning fikricha, iqtisodiy oʻsish va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni ragʻbatlantiradi hamda savdo munosabatlarini erkinlashtirish islohotlarini chuqurlashtiradi.

    Ishbilarmon doiralar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida JSTga aʼzo boʻlish jarayonida xususiy sektorning oʻrni, Tashkilotga qoʻshilishning mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga taʼsiri hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlari va boshqa jihatlar muhokama qilindi.

    Gruziya va Tojikistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha bosh muzokarachilar M. Janelidze va S. Nosirzoda tadbir ishtirokchilarini Tashkilotga aʼzo boʻlish tajribasi va aʼzolik natijasida ushbu mamlakatlarning xususiy sektori uchun yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni yumshatish boʻyicha olib borilgan ishlar bilan tanishtirdi.

    JST Kotibiyatining aʼzo boʻlish departamenti vakili Xusrav Rasulov Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi boʻyicha Ishchi guruhning 5-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan tizimli ishlar olib borilganini taʼkidladi va mamlakatimizning Tashkilotga kirish jarayonini jadallashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan izchil saʼy-harakatlarni qayd etdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.