Unda qayd etilishicha, soʻnggi toʻrt yil davomida penitensiar xizmat sohasidagi islohotlar doirasida uzoq muddatli, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, mahbuslarning huquq va qonuniy manfaatlari doirasini yanada kengaytirish, ularning hayot kechirish sharoitini yaxshilashga yoʻnaltirilgan uchta qonun, 5 ta farmon, hukumatning 8 ta qaror va farmoyishlari, 14 ta boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Keyingi yillar davomida jazo oʻtash tizimini takomillashtirish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrildi. Jumladan, mahbuslar huquqlariga soʻzsiz rioya etilishi, ularning nomusi va qadr-qimmatini hurmat qilish, bu sohada korrupsiya koʻrinishlariga barham berish, jazoni oʻtash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha majmuaviy tadbirlar amalga oshirildi, - deb yozadi Diyena nashri.
“Dunyo” AAning qayd etishicha, maqolada 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran Oʻzbekistonda Probatsiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilgani, mazkur xizmat sobiq mahbuslar hamda jazoni oʻtash muassasalaridan ozod etilgan voyaga etmaganlarning ijtimoiy moslashuvi hamda ularning ishga joylashishiga, shu jumladan, kasb tayyorgarligi boʻyicha turli tadbirlarni tashkil etish yoʻli bilan koʻmak koʻrsatishga daʼvat etilgani ham oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston oʻzining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishni tashkil etish tizimini takomillashtirish, jumladan, qiynoqlarga va uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratish boʻyicha izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni hayotga tadbiq etayotgani bilan bogʻliq barcha tafsilotlar qalamga olingan.