Rossiya prezidenti farmoniga muvofiq, 2025-yilning 5-fevralidan boshlab mamlakat hududida Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri faoliyat koʻrsatishni boshladi.
Mazkur reyestrga migratsiya qonunchiligi sohasida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan chet el fuqarolari kiritiladi.
Ushbu meʼyoriy hujjatga koʻra, reyestrga kiritilgan chet elliklar Rossiyadan chiqib ketishlari yoki 2025-yil 1-yanvardan 30-aprelgacha boʻlgan davrda oʻzlarining huquqiy maqomlarini hal qilish uchun oʻzlari istiqomat qilib turgan joydagi Rossiya IIVng hududiy organiga yoki “PVS” (pasportno-vizovыy servis) federal davlat unitar korxonasining filialiga murojaat qilishlari shart.
Shuningdek, Moskva shahrida joylashgan chet elliklar uchun “Saxarovo” koʻp funksiyali migratsiya markaziga murojaat qilishlari talab etiladi.
Rossiya tomoni amnistiya davrida ushbu farmonga binoan chet el fuqarolariga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish, maxsus saqlash muassasalarga joylashtirish va keyinchalik uning hududiga kirishni cheklash bilan bogʻliq choralar qoʻllanilmasligini taʼkidlamoqda«, deyiladi elchixona xabarida.
Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:
- koʻchmas mulk va transport vositalarini sotib olish va roʻyxatdan oʻtkazish;
- nikoh tuzish;
- yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish;
- bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini bajarish;
- transport vositalarini boshqarish.
Shu bilan birga, mamlakat hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni taʼlim muassasalariga (maktablar va bolalar bogʻchalari) qabul qilish ham mumkin boʻlmaydi.
Fuqarolar oʻzlarining huquqiy maqomini Rossiya IIVning rasmiy veb-saytida tekshirishi mumkin.