Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va Bosh konsulxonasi Ukraina bilan chegaradagi xalqaro avtomobil nazorat-oʻtish punktlarida qolayotgan vatandoshlarimizga koʻmak koʻrsatyapti

    Xalqaro hamkorlik 1 Mart 2022 7233

    Shu yil 25-fevraldan boshlab Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik boʻlimining koll-markazi Ukraina hududidan xalqaro avtomobil nazorat-oʻtkazish punktlarida kuzatilayotgan tirbandliklar yuzasidan yurtdoshlarimizdan murojaatlarni qabul qiladi.

    Qayd etish kerakki, murojaatchilar asosan Ukrainadan Rossiyaga quritilgan mevalar, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni tashish bilan shugʻullanadigan Oʻzbekistonning xalqaro yuk tashuvchi haydovchilari hisoblanadi.

    Qabul qilingan murojaatlar asosida Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy ravishda Rossiya-Ukraina davlat chegarasidagi nazorat-oʻtkazish punktlari orqali transport vositalarining oʻtishi yuzasidan koʻmak koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov yuborildi.

    Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilgan toʻqqiz nafar Oʻzbekiston fuqarosidan 8 nafari Sumi viloyatida, yaʼni Rossiyaning Bryansk viloyati Sovskiy tumanidan uzoq boʻlmagan masofada joylashgan Ukrainaning “Troyebortnoye” xalqaro avtomobil nazorat-oʻtkazish punkti yaqinida, bir nafar xalqaro tashuvchi yurtdoshimiz esa Xarkov viloyati Dergarchevskiy tumani (Ukraina) va Belgorod viloyati Belgorod tumani oʻrtasidagi “Nexoteyevka” xalqaro avtomobil nazorat-oʻtkazish punkti yaqinida boʻlgan. 28-fevralda Moskva vaqti bilan 20:00dan boshlab Oʻzbekistonning barcha fuqarolari tegishli bojxona, chegara va sanitariya nazorati tartibi koʻriklaridan oʻtkazilgani holda Rossiyaning Bryansk va Belgorod viloyatlari hududiga oʻtdi.

    Oʻzbekiston diplomatiya missiyalarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyati davom etyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Shuningdek, xabar orqali yurtdoshlarimiz yuzaga kelayotgan muammolar boʻyicha mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasida va Bosh konsulxonada tashkil etilgan koll-markazlarning quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin eslatib oʻtiladi:

    Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi:

    +7 499 230-00-76;

    +7 499 230-00-32.

    Oʻzbekistonning Rostov-Dondagi Bosh konsulxonasi:

    +7 988 586-59-82;

    +7 918 554-04-76;

    +7 988 586-70-35;

    +7 988 586-59-82.