Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi mavjud holat munosabati bilan Oʻzbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi zarur ehtiyot choralarini koʻrishni, oʻta zarurat boʻlmasa, koʻchaga chiqmaslikni, shuningdek, odamlarning koʻp toʻplanishiga yoʻl qoʻymaslik va jamoat joylariga borishni cheklashni tavsiya qiladi, deyiladi diplomatik vakolatxonaning telegram-kanalidagi xabarda.
Ushbu hududlarda tahsil olayotgan talabalarga, iloji boʻlsa, vaqtincha masofaviy taʼlim shakliga (onlayn) oʻtish tavsiya etiladi.
Agar fuqarolarimizga konsullik yordami yoki maslahatlar kerak boʻlsa, Elchixona Oʻzbekistonning Moskva shahridagi diplomatik vakolatxonasining Konsullik boʻlimi Call-markaziga murojaat qilish soʻraydi: +7 499 238-36-20; +7-499 230-00-76. Elektron pochta manzili: uzkorus@mail.ru.