Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati Fransiya poytaxtida taqdim etildi

    Madaniyat 30 Sentabr 2024 842

    Parij shahrida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

    Unda Fransiyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, ishbilarmon doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Taqdimotda soʻzga chiqqan elchi Nodir Gʻaniyev va Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda mamlakatimiz turizm industriyasini rivojlantirish, salohiyatini oshirish va iqtisodiyotga qoʻshayotgan hissasini koʻpaytirish, xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini oshirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan yigʻilganlarni tanishtirdilar.

    “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kampaniyasi doirasida ushbu qadimiy shaharning insoniyat taraqqiyotidagi beqiyos oʻrni, moddiy-madaniy merosi taʼkidlanib, hududning turizm salohiyati haqida tegishli videoroliklar namoyish etildi.

    Tadbir doirasida, shuningdek, 2025-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bagʻishlangan alohida taqdimot oʻtkazildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Fransiya sayyohlik kompaniyalari vakillari oʻrtasida B2B formatida muzokaralar uyushtirildi. Ularda Fransiyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Taqdimotga kelgan mehmonlar “Bahor” ansambli xonandalari ijrosidagi oʻzbek milliy kuy va qoʻshiqlaridan bahramand boʻldilar. Shuningdek, yigʻilganlar uchun oʻzbek milliy taomlari, jumladan bayramona palov ulashildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.