Ana shunday goʻshalardan biri Oʻzbekistonning Shveysariyasi, deb dovrugʻ qozongan Xonobod shahri hisoblanadi. Soʻngi yillarda Xonobod shahrida keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bu harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 16-17-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifidan soʻng yana-da keng quloch yozdi. Sayyohlarga qulay boʻlishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Xonobod shahri koʻchalari yoritish tizimlari va yoʻl boʻyi infratuzilmalari qayta rekonstruksiya qilindi. Qiymati 120 milliard soʻm boʻlgan 11 gektar hududni oʻz ichiga olgan “Xontogʻ” sihatgohi oʻz barpo etildi.

Ushbu sihatgoh keluvchilarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda. Ayni vaqtgacha 500 dan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan boʻlsa, ularning aksariyati Rossiya, Xitoy, Belorussiya va qoʻshni davlatlar hisobiga toʻgʻri keladi. Aytish joizki, mazkur sihatgoh qurilishi oʻz navbatida viloyatning tibbiyot turizmi salohiyatini ham oshirdi.

Ayni kunlarda Xonobod shahrida barcha qulayliklarga ega bir paytning oʻzida 3 ming nafar sayyohni qabul qiluvchi dam olish uylari mehmonlar ixtiyorida. Shu bilan birga “Madalbekov” sihatgohi, “Delfin koʻli”, “Oltin oʻrda” “Afsona”, “Olovuddin” va “Nur” dam olish maskanlari foydalanishga topshirildi.

Xonobod shahrida 20 ta zamonaviy sanitariya gigiyena shoxobchalari tashkil etildi.

Eko-turizmni rivojlantirish boʻyicha “Elegant innovation” MCHJ tomonidan mehmonlar uchun shaharda velosiped ijarasi yoʻlga qoʻyilgan. Xitoy davlatidan keltirilgan, “XONOBOD BAYK” tamgʻasi tushirilgan 100 ta velosiped xizmat koʻrsatmoqda.

Shuningdek, hududda 6 yarim milliard soʻm mablagʻ evaziga zamon talablariga mos “Oʻzbegim” koʻngilochar savdo kompleksi bunyod etildi.

Ushbu maskan viloyat va respublika miqyosidagi koʻplab tadbirlarga mezbonlik qildi. “Xonobod tarovati”, “Navroʻz” bayrami, ”Open Andijan” forumi, “Tibbiyot xodimlari” kuni, “Andijon talabalari” forumi, “Nuroniylar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” va “Doʻppi” kabi tadbirlarda tabiat shaydolari maroq bilan dam olidalar.

Bir soʻz bilan aytganda Xonobodning 50 dan ortiq diqqatga sazovor joylari bor. Bu goʻshalar hech kimni befarq qoldirmaydi.