Oʻzbekistonning uchta oliy taʼlim muassasasi dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingiga kiritildi

    Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari Britaniyaning “Times Higher Education” tashkiloti talqiniga koʻra, ilk bor dunyoning eng nufuzli universitetlari roʻyxatiga kiritildi.

    Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlumotiga koʻra, reytingda «Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti« Milliy tadqiqot universiteti Tabiiy fanlar, matematika va statistika yoʻnalishida 301–400, Muhandislik yoʻnalishida 501–600 oʻrinlar oraligʻida qayd etildi.

    Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti esa Tabiiy fanlar, matematika va statistika yoʻnalishida 601–800 oʻrinlar oraligʻida oʻz oʻrnini topdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Taʼlim yoʻnalishida 601+, Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari yoʻnalishida 1001+ oʻrinni egalladi.

    «Bu yutuqlar soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimi, jumladan muhandislik, aniq va tabiiy fanlarga berilayotgan eʼtibor samarasi oʻlaroq nafaqat yurtimiz balki xalqaro darajada tan olinayotganidan dalolatdir«, deyiladi vazirlik manbasida.

    Dunyodagi eng nufuzli tabiiy fanlar universitetlari roʻyxatida Kaliforniya universiteti, Garvard, Stenford va Massachusets texnologiya instituti (MIT) yetakchilik qilmoqda. Eng yaxshi IT universitetlar reytingida Oksford, Kembrij va MIT eʼtirof etilgan.

    “Times Higher Education” reytingi 11 toifani qamrab oladi. Tashkilot ekspertlari universitetlarni oʻqitish sifati, talabalar va bitiruvchilarning istiqbollari va boshqa parametrlar asosida baholaydi.