Oʻzbekistonning yangi elchisi Pokiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    Shu yilning 28-oktyabr kuni Oʻzbekistonning Pokistondagi yangi elchisi etib tayinlangan Alisher Toʻxtayev Pokiston prezidenti Asif Ali Zardariga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Bu haqda “Dunyo“ AA xabar berdi.

    Rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Pokiston Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisiga chuqur hurmat va ehtirom izhor etib, eng ezgu va samimiy tilaklarini yetkazishni soʻradi. Prezident Asif Ali Zardari Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi uzoq muddatli birodarlik munosabatlarining mustahkam poydevori boʻlgan mushtarak madaniy, tarixiy va maʼnaviy-maʼrifiy rishtalarning muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, u respublikaning iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari tahsinga loyiqligini eʼtirof etib, ikki tomonlama aloqalarni, ayniqsa, savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohalarida yanada rivojlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini tasdiqladi.

    Muloqot chogʻida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish boʻyicha yuqori salohiyat mavjudligiga eʼtibor qaratildi. Yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazishning muhimligi qayd etildi.

    Madaniy-gumanitar, turizm almashinuvi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Pokiston rahbari mamlakat fuqarolarining Oʻzbekistonga borishi uchun viza tartibi soddalashtirilganidan mamnunlik bildirdi. Joriy yil noyabr oyida qayta tiklanishi rejalashtirilgan Toshkent va Lahor shaharlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlar oqimini oshirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun yangi turtki boʻlishi urgʻulandi.

    Uchrashuv yakunida Pokiston Prezidenti Oʻzbekiston elchisiga oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi masʼuliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.