Majlisda “Oʻzbekiston–Polsha” va “Polsha–Oʻzbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining faoliyatini kuchaytirish, parlamentlararo va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Soʻnggi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari faol rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda parlamentlararo aloqalar muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, savdo-iqtisodiy, investitsiya, eksport, transport, qishloq xoʻjaligi, ilm-fan, madaniyat, turizm va migratsiya sohalarida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va tadbirkorlar oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish tashabbusi ilgari surilib, “Oʻzbekiston–Polsha” va “Polsha–Oʻzbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlari oʻz faoliyatlari doirasida investitsiyalar va savdo sohasini qoʻllab-quvvatlashga hamda koʻmaklashishga alohida urgʻu berishga kelishib oldi.

Majlis yakunida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, parlamentlararo guruhlarning faoliyatini kuchaytirish va keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan aniq tadbirlar rejasi “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.