“Oʻzbekkino” qishgi premyeralar mavsumini eʼlon qiladi

    Madaniyat 11 Noyabr 2020 2803

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi dekabr oyidan boshlab, 50dan ortiq filmlarning qishgi premyeralar mavsumini eʼlon qiladi.

    Qishgi premyeralar mavsumi davomida 18ta toʻliq metrajli va 21ta qisqa metrajli badiiy filmlar, 15ta hujjatli, 3ta animatsion va “Zumrasha” kinojurnalining yangi 4ta soni televideniye va kinoteatrlar orqali namoyish etiladi. Shuningdek ilk bora, 11ta televizion milliy seriallar taqdim etiladi.

    Taqdimoti kutilayotgan filmlar roʻyxatida jumladan, oʻzbek kinematografiyasining ustasi Baqo Sodiqovning “Behbudiy” tarixiy dramasi filmi, isteʼdodli rejissyorlar Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” tarixiy-mualliflik filmi, Mansur Abduxoliqovning “Tengiz” badiiy filmi, Ayub Shaxobidinovning “Rangsiz tushlar” psixologik dramasi, Zulfiqor Musoqovning “Alvido, ssenarist” filmi, Hilol Nasimovning “Meros” tarixiy dramasi, Ergash Moʻminovning “Orzular qanotida” musiqiy komediyasi, Nozim Toʻlaxoʻjayevning “Tanho Qayiq” dramasi, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” melodrammasi tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.

    Yosh rejissyorlar Muhammadali Iskandarovning “Men terrorchi emasman”, Akrom Shoxnazarovning “101 reys”, Shoxrux Rasulovning “Bir kunlik toʻy”, Murod Inogʻomovning “Iztirob”, Azamat Ahrorovning “Lola gulim” kabi filmlari ham namoyish etiladi. Shuningdek, hamkorlikdagi ko-prodakshn mahsulotlari - mohir rejissyorlar Rustam Sagdiyevning “Baron 2”, taniqli yaponiyalik rejissyor Kiyosi Kurasavining “Dunyoning bir chekkasi”, Rashid Malikov va Ramil Fazliyevning “Sumbul” kabi filmlari taqdim etiladi.

    “Debyut” studiyasida yangi ish boshlagan yosh va isteʼdodli rejissyorlarimiz tomonidan suratga olingan 20 dan ortiq toʻliq va qisqa metrajli filmlar ham mavsum premyeralaridan oʻrin olgan. Bundan tashqari, “Avloniy”, “Ibrat”, “Behbudiy”, “Muhabbat bahori”, “Mahalladoshlar” kabi milliy kinoseriallar premyeralari ham televideniye orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Yana “Oʻzbekkino” tarixida ilk bor telekanallar bilan hamkorlikda suratga olinayotgan “Qodirxon” (MU5), “Najotkorlar” (Zoʻr TV), “Ona zamin” (Sevimli TV), “Orzular palatasi” (MU5), “Dard” (Sevimli TV) kabi milliy seriallar televideniye orqali tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.

    Yana Doniyor Shokirovning “COVID-19:Sinovli kunlar”, Bobur Yoʻldoshevning “Zahiriddin Muhammad Bobur. Yoʻlbars izidan”, Shuhrat Mahmudovning “101” kabi koʻplab hujjatli filmlar ham premyeraga tayyorlanmoqda. “Sehrli qalamdon”, “Jasur Qutqarboyev”, “Avtosarguzashtlar 6” multiplikatsion filmlari ham televileniye orqali efirga uzatiladi.

    Mavsum premyeralari roʻyxati bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin.

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati