“Oʻzbekkonsert”: Talabalarga, nafaqa yoshidagi ijodkorlarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga imtiyozli litsenziya berilgan

    “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan 2024-yil 9 oyi davomida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun 621 nafar talabaga, 18 nafar nafaqa yoshidagi ijodkorlarga va 65 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga imtiyozli ravishda litsenziya berilgan.

    “Oʻzbekkonsert” DM axborot xizmatining maʼlum qilishicha, yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya boʻyicha undiriladi. Bunda ijodiy jamoa uning barcha aʼzolari davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan shaxslardan tarkib topgan taqdirdagina davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyuldagi PF-168-son Farmonining 2-bandiga asosan yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan shaxslar, taʼlim muassasalarida oʻqiydigan talabalar (oʻqish muddati davomida) davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi belgilangan.