“Oʻzbekneftgaz”: AI-92 benzin narxi arzonlashtirildi

    Sanoat 11 Avgust 2025 1965

    Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan Ai-92 rusumli 1 litr benzinning birja savdolaridagi narxi 9400 soʻmgacha arzonlashtirildi.

    Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, AI-92 rusumli avtobenzin narxini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari olib borilmoqda.

    Xususan, Buxoro NQIZda ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlangʻich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming soʻmdan 12 mln 628 ming soʻmga tushirildi. Bu esa oʻz navbatida, 1 litr AI-92 rusumidagi avtobenzinning birjadagi boshlangʻich narxi 9 400 soʻm degani.

    Bu nafaqat isteʼmolchilar uchun qulay narx, balki butun bozorga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.