“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi “TANECO” AJ Bosh direktori Ilshat Salaxov hamda “KAMA TIRES” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, oʻzaro muzokaralar oʻtkazdi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasini qabul qilgan “TANECO” AJ Bosh direktori Ilshat Salaxov ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonlari bilan shaxsan tanishtirib, korxona faoliyati, erishilayotgan yutuqlar borasida maʼlumotlar berdi.
Uchrashuvda zamonaviy neftni qayta ishlash va neft-kimyo korxonasi boʻlgan “TANECO” AJ ishlab chiqarish bazasida mavjud boʻlgan 20ga yaqin sifatli mahsulotlarning ishlab chiqarilishi bilan tanishib chiqildi.
Korxona tomonidan AI–92, AI–95, AI–98 avtomobil benzinlari, “Yevro–5” dizel yoqilgʻisi, RT, TS–1, JET A–1 marka aviatsiya kerosini, II va III guruhli tayanch moylari ishlab chiqarilishi hamda ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologiyadan foydalanish borasida fikrlar almashildi.
Ushbu uchrashuv doirasida yengil avtomobillar, yengil yuk mashinalari, yuk mashinalari (kombinatsiyalangan va qattiq poʻlat), qishloq xoʻjaligi va sanoat shinalari, shuningdek, asosan diametri 22,5 dyuym boʻlgan poʻlatdan yasalgan yangi avlod modellarni oʻz ichiga olgan shinalar ham ishlab chiqarishi hamda ularning ishlab chiqarish jarayonlari ham oʻrganildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, “TANECO” AJ va “KAMA TIRES” OAJ “Tatneft” tarkibidagi kompaniyalar guruhiga kiradi va birgina oʻtgan yilda “KAMA TIRES” korxonalarining konveyerlaridan 10,9 mln dollarlik mahsulotlar chiqqan.
Tashrif davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, neft -kimyo, konlarni oʻzlashtirish, neftni qayta ishlash, shuningdek, avtomobil shinalari ishlab chiqarish sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish tajribasini muhokama qilishdi.
Boshqaruv raisi “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini yanada rivojlantirish uchun xorijiy korxonalarda amaliyotda qoʻllanilib kelinayotgan axborotlashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini ham oʻrgandi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev oʻz navbatida “TANECO” AJ Bosh direktori Ilshat Salaxovga xalqaro hamkorlar va maslahatchilarning bevosita ishtirokida Oʻzbekistonda, yaʼni Qashqadaryo viloyatida neft va gaz-kimyo klasterini yaratish loyihasini amalga oshirilayotgani borasida soʻzlab berdi.
Boshqaruv raisi eng zamonaviy texnologiyalar va xomashyoni qayta ishlashda atrof -muhitga mutloqo salbiy taʼsir koʻrsatmaslik borasida qiniayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli strategik hamkorlik boʻyicha qoʻshma yoʻl xaritasini ishlab chiqish va sohada ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun doimiy ish rejasini yaratishga kelishib oldilar.