Mamlakatimizda energetika xavfsizligini mustahkamlash, energiya resurslari, jumladan, tabiiy gazga boʻlgan ichki talabni barqaror qondirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz taʼminlash boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyot va aholining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoji ortib borayotgani yangi zaxiralarni aniqlash, mavjud konlar samaradorligini oshirish va yangilarini ishga tushirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining oldiga sohada natijadorlikni tubdan oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish vazifalari qoʻyilgan.
Taqdimotda qayd etilganidek, 2025 yilda jamiyat korxonalari tomonidan 25,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, 56 ta yangi quduq burg‘ilandi, 29 ta quduq mukammal ta’mirlandi.
2026-2027 yillarda tabiy gaz chiqarish hajmini barqaror darajada ta’minlash, 300 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Jumladan, geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar samaradorligini oshirish, zaxiralarni koʻpaytirish va qazib chiqarish hajmlarining barqarorligini taʼminlash, xaridlar tartib-taomillarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, gazni chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, jamiyat va uning korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish choralari koʻriladi.
Kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish, xususan, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik toʻlovlarini toʻxtatish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini nazorat qilish, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish masalalari jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida, shu jumladan Surxondaryo viloyatida qayd etilgan texnogen holatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bunday holatlar yangi istiqbolli maydonlarni izlash, quduqlarni chuqur burg‘ilash va geologik qatlamlarni o‘rganish jarayonlarining tabiiy tarkibiy qismi bo‘lib, ular dunyo amaliyotida ham ko‘p uchrab turadi. Yurtimizda bunday vaziyatlarda tegishli choralar ko‘rib borilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz mutasaddilarga geologik tadqiqotlar olib borilayotgan hududlarda doimiy monitoringni kuchaytirish, zamonaviy nazorat texnologiyalarini joriy etish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.