Keling bu qanaqa summa ekanligini bir boshidan ko‘rib chiqsak. Biroq oldinga o‘tib aytish kerakki, bu summaning bir dollari ham byudjetdan ketmagan. Buni ixtiyorimizdagi hujjatlardan aniq ko‘rish mumkin. Shuningdek, aslida ushbu summaning teng yarmi “havodagi”, “tagi yo‘q” mablag‘. Nega bunday deyayotganimizni quyidagi faktlarni o‘qigach, tushunib olasiz. Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJ ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki:

Birinchidan, surishtiruvda 35 mlrd. dollarning 23,4 mlrd. dolllari "ERIELL" va "Enter Engineering" kompaniyalari ishtirokidagi 9 ta loyihaning umumiy qiymati ekanligi aytiladi.

Shu o‘rinda bir narsaga aniqlik qiritib olish kerak, loyiha qiymati degani bu shu loyihaga albatta shuncha pul sarflanadi degani emas. Ko‘pincha, loyiha qiymati pudratchilar bilan shartnoma tuzilgunga qadar aniqlashtiriladi, optimallashtiriladi va haqiqiy shartnoma qiymati loyiha qiymatidan ancha past bo‘ladi. Bu oddiy narsa.

Shunday qilib yuqoridagi 9 ta loyihaning umumiy qiymati aslida
17,6 mlrd. dollar bo‘lib, shundan hozirga qadar imzolangan shartnomalar qiymati 14,9 mlrd. dollarni tashkil etgan. Endi loyihalarning har bittasini ko‘rib chiqsak:

1) “Mustaqillikning 25 yilligi” konini o‘zlashtirish loyihasida 2,9 mlrd. dollarlik ishlar bajarilishi ko‘zda tutilgan, hozirga qadar esa amalda tuzilgan pudrat shartnomalari qiymati – 1,73 mlrd. dollarni tashkil etadi. Qolgan ishlar bo‘yicha hali shartnoma imzolanmagan.

Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.

Investorlar bilan Mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolangan.

2) Qorako‘l erkin iqtisodiy zonasini va gaz-kimyo klasterini tashkil etish loyihasi bo‘yicha tuzilgan shartnoma qiymati 3 mlrd. dollar, moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.

3) 2017-2021 yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha dastur. Tuzilgan shartnoma doirasida 2,3 mlrd. dollar moliyalashtirilgan:

 805 mln. dollar “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari;

710 mln. dollar davlat kafolatisiz "Gazprombank" krediti;

585 mln. dollar davlat kafolati ostida Ipak yo‘li jamg‘armasi (Xitoy) krediti;

 200 mln. dollar Moliya vazirligi foizli qarz mablag‘lari.

Pudratchilar tender asosida jalb qilingan.

4) “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish ("GTL" zavodi)” loyihasi umumiy qiymati – 3,4 mlrd dollar, moliyalashtirish manbasi:

1,1 mlrd. dollar “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari;

2,3 mlrd. dollar xorijiy kreditlar.

Tender asosida pudratchi sifatida "Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd.", "Hyundai Engineering Co. Ltd." (Janubiy Koreya) va "Enter Engineering Pte. Ltd." (Singapur) konsorsiumi tanlangan. Pudrat shartnomasi asosida ular tomonidan bajarilgan ishlar hajmi 2,6 mlrd. dollarni tashkil etgan. Qolgan 800 mln. dollar mablag‘ lisenziya va tashqi infratuzilma ob’yektlarini qurish xarajatlari uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan sarflangan.

5) 2020-2030 yillarda neft qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish dasturi. Shartnoma qiymati – 2,68 mlrd. dollar, moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.

6) Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasining umumiy qiymati – 1,8 mlrd. dollar, moliyalashtirish manbasi:

632 mln dollar “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari;

1,2 mlrd. dollar davlat kafolatisiz xorijiy kreditlar.

Shundan, pudrat shartnomasi asosida bajariladigan ishlar hajmi
1,3 mlrd. dollar bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz” AJning lisenziya va tashqi infratuzilma ob’yektlarini qurish xarajatlari – 500 mln. dollarni tashkil etadi.

Pudratchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlangan.

7) “Gazli” gazni yer ostida saqlash inshootining hajmini oshirish hamda qo‘shimcha geologiya ishlarini bajarish loyihasining shartnoma qiymati 463 mln. dollar, moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.

8)" Sechanko‘l", "Oqjar" va "Chimboy" investision bloklarida geologik qidiruv ishlarini olib borish hamda "Urga", "Oqchaloq" va "Chandir" guruhi konlarida qazish loyihasining shartnoma qiymati – 701 mln. dollar, moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.

9) Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi modernizasiya qilish loyihasi shartnoma qiymati – 399 mln. dollar, moliyalashtirish manbasi – investorning
o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.

Ko‘rinib turganidek, umumiy qiymati 17,6 mlrd. dollarlik 9 ta loyihaning 6 tasi investorlarning 10,1 mlrd. dollar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, surishtiruvda dastlabki baholangan qiymati 11 mlrd. dollar bo‘lgan Atom elektr stansiyasini barpo etish loyihasi ham yuqoridagi kompaniyalarga berib yuborilgan, deb yolg‘on ma’lumot berilgan. Chunki AES qurish bo‘yicha hali hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Shu tariqa “Ozodlik” surishtiruvida tilga olingan 35 mlrd. dollar mablag‘ning teng yarmi, ya’ni umumiy hisobda 17,4 mlrd. dollar mablag‘ning aslida “tagi yo‘q”.

Uchinchidan, bitta narsani aslo yoddan chiqarmaslik kerak. Neft yoki gaz koniga doimiy investisiya kiritib turilmasa, olinadigan mahsulot hajmi yil sayin tushib ketaveradi. Shuning uchun biror loyiha qilinsa va bunga xorijiy yoki mahalliy kompaniya jalb etilsa, byudjet puli “yeb ketildi” deb noto‘g‘ri tushunmaslik kerak.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati