“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning 2021-yil 21-yanvardagi buyrugʻi bilan bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.

Jumladan, Mavlonov Gulmurod Boymurodovich Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari etib tayinlandi. Gulmurod Mavlonov ushbu tayinlovga qadar Geologiya departamenti boshligʻi edi.

Gadoyev Anvar Ilhomovich “Oʻzbekneftgaz” AJ Geologiya departamenti boshligʻi etib tayinlandi. Anvar Gadoyev Neft va gaz konlarini geologiyasi hamda qidiruvi institutida uzoq yillar faoliyat olib borgan.

Dauletiyarov Shuhrat Qidirbayevich Kapital qurilish va taʼmirlash departamenti boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Shuhrat Dauletiyarov ushbu tayinlovga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosini monitoring va nazorat qilish shoʻbasida faoliyat yuritgan.

Qodirov Ulugʻbek Abdujalilovich neftni qayta ishlash, neftkimyo, neft mahsulotlarini saqlash va transportirovka qilish departamentining boshligʻi etib tayinlandi. Ulugʻbek Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.

Mahmudov Xushnudjon Abdurahmonovich Moliyaviy institutlar bilan ishlash hamda qarzdorlik majburiyatlarini boshqarish departamentining boshligʻi etib tayinlandi. Xushnudjon Mahmudov Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va “Oʻzbekneftgaz” AJda turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Anvarov Javohirbek Gʻayratjon oʻgʻli esa Korporativ munosabatlar va aktivlarni boshqarish departamenti boshligʻi etib tayinlandi. Javohirbek Anvarov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyiha va import shartnomalarni majmuaviy ekspertiza markazi”da ham turli lavozimlarda ishlagan.

Axayev Eskender Vaapovich Iqtisod va rejalashtirish departamenti boshligʻi etib tayinlandi. Eskender Axayev shu kunga qadar “Oʻzbekneftgaz” Aksiyadorlik jamiyati Buxgalteriya hisobi va korporativ hisobot departamenti Asosiy vositalar, investitsiyalar, materiallar va xarajatlar hisobi boʻlimi boshligʻi – Bosh buxgalter oʻrinbosari boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.