Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi joriy yilning 23-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

2024-yil 5-avgust kuni qabul qilingan Qonun fuqarolarning yillar davomida hal boʻlmay kelgan uy-joy va yerga doir muammolariga yechim boʻldi.

Biroq, Qonun amaliyotida aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga koʻra, eng muhim yangiliklardan biri — 1 ta obyekt boʻyicha yakuniy xulosa berish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartirilmoqda.

  • Vakolatli tashkilotlar — 20 kun
  • Jamoatchilik muhokamasi — 10 kun
  • Adliya organlari — 20 ish kuni

Bu oʻzgarish Qonunning 2028-yil 1-yanvargacha amal qilishini inobatga olgan holda qabul qilinmoqda.

Shuningdek, amaliyotda huquqni eʼtirof etishga toʻsqinlik qilayotgan eng katta muammolardan biri — soliq va toʻlov masalasi edi.

Hozirda 243 mingdan ortiq obyektda soliq qarzi bor hamda ular Qonun doirasida hal boʻlmay qolmoqda.

Shu sababli quyidagi takliflar ilgari surildi:

  • coliq qarzi BHMning 30 baravaridan oshmasa (12,3 mln soʻm) — huquq eʼtirof etilishi mumkin;
  • 1-martalik toʻlov 20 ish kunida amalga oshirilsa — 50% chegirma;
  • toʻlovni 1-yildan 3-yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati.