Ushbu hujjat professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar va talabalarning akademik almashinuv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, charm-poyabzal sohasida yetuk mutaxassislarni tayyorlashda yetarlicha keng hamkorlikni nazarda tutadi.
Nortgempton universiteti Buyuk Britaniyadagi eng nufuzli universitetlardan biri sifatida tanilgan. U ijtimoiy taʼsir orqali “jamoatchilik qadriyati”ni oshirish boʻyicha yetakchilar qatoriga kiradi. Talabalar va bitiruvchilarning dunyoda oʻz izlarini qoldirishi uchun imkoniyat yaratish universitet uchun asosiysi tamoyil sanaladi. 98 yillik tarixga ega ushbu taʼlim muassasasi 2005-yilda oʻz talabalariga 400 dan ortiq bakalavriat yoʻnalishi va 50 dan ortiq magistratura mutaxassisligini taklif etuvchi universitet maqomini oldi. Har yili dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 1 000 dan ziyod chet ellik talabalar universitetga oʻqishga qabul qilinadi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi iyul oyida boʻlib oʻtgan Yevropadagi eng yirik moda va dizayn koʻrgazmalaridan biri – “Pure London” koʻrgazmasi davomida Nortgempton universiteti bilan aloqa oʻrnatdi. Albatta, hamkorlikdan maqsadlar safida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan hujjatlarda oʻz ifodasini topgan, mamlakatimiz charm-poyabzal sanoati salohiyatini yanada oshirish va soha davlat tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganligi toʻgʻrisida moda sanoati mutaxassislari eʼtiboriga yetkazish ham mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va moʻyna sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida xalqaro universitetlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilab berilganligi sohadagi inqilobiy qadamlarning mantiqiy davomi boʻldi. Bugungi kunda sohada yuzlab yangi investitsiya loyihalari ishga tushirildi. Sir emaski, sohada mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda kadrlar tayyorlash masalasi oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Ushbu yoʻlda mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari salohiyatini oshirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilayotganligi bejiz emas. Shu maqsadda dunyoning yetakchi taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalari oʻzlashtirilyapti.
Quvonarlisi, joriy yil iyun oyida Turkiyaning Ege universiteti bilan ham mana shunday memorandum imzolangan edi. Hozir Turkiya universiteti bilan hamkorlikda oʻquv dasturini tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilyapti. Taʼlim jarayonining bir qismi Turkiyadagi universitetda va korxonalarda, qolgan qismi Oʻzbekistonda boʻlishi taxmin qilinyapti. Oʻquv jarayonlarining barcha bosqichlari tez orada ishlab chiqiladi. Ege universiteti prorektori shu yil oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan 13-xalqaro “UzCharmExpo 2022” koʻrgazma-yarmarkasida ishtirok etadi. Kelgusi yildan boshlab ikki davlatning charm-poyabzal sanoati uchun talabalarni tayyorlash boshlanadi.
Shuningdek, dunyoning boshqa oliy oʻquv yurtlari bilan ham aloqalar faol yoʻlga qoʻyilyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.