Oʻzgalar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib kelgan firibgar qoʻlga olindi

    Toshkent viloyati, Bektemir tumanida yashovchi 28 yoshli (ayol) R.T. IIOga murojaat qilib, uning nomiga nomaʼlum shaxs tomonidan 30 mln soʻm miqdorida onlayn kredit rasmiylashtirilganini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida yashovchi 30 yoshli N.F. sodir etgani aniqlandi.

    Gumon qilinuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan N.F. (ayol) R.T.ga “Telegram” messenjeri orqali havola joʻnatib, uni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritib, uning nomiga 30 mln onlayn kredit rasmiylashtirib, pullarni boshqa bank karta hisob raqamiga oʻtkazib olgani maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, N.F.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.