Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6167-son Farmoniga muvofiq, mazkur sohadagi korxonalarni xususiylashtirishdagi jahon tajribasi hamda Aktiv faoliyatining kompleks tahlillari (due-diligence), shuningdek, xususiylashtirish boʻyicha maslahatchi tavsiyalariga asosan 63,4 foiz davlat ulushi yaxlit tarzda raqobat tamoyillari asosida ommaviy tanlov yoʻli bilan sotildi.
Bunda “UzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ (“UzAssets”) tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida Grant Thornton xalqaro kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan va “Dentons” xalqaro yuridik kompaniyasi huquqiy koʻmaklashgan. Mazkur xususiylashtirish doirasida konsultantlarning faoliyatlari “UzAssets” tomonidan muvofiqlashtirilgan.
“UzAssets” va Agentlik rasmiy saytlaridagi 2021-yil 29-dekabr kuni sotish jarayonlari boshlanganligi toʻgʻrisidagi eʼlonga muvofiq, Konsultant tomonidan barcha talabgorlarning sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalari qabul qilingan.
Shuningdek, Konsultant tomonidan loyihalash, qurilish hamda gaz va neft mahsulotlarini tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi 28 ta mahalliy va xorijiy kompaniyalarga Jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi investitsiya tizerlari yuborilgan.
Mazkur aktivni sotib olish boʻyicha Konsultant tomonidan bir qator mahalliy talabgorlarning qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalari qabul qilingan va raqobat muhiti taʼminlangan.
Yuqoridagilarni hamda taklif etilgan narx boshqa talabgorlar tomonidan taklif etilgan narx qiymatidan hamda Konsultant va mustaqil baholash tashkilotining baholagan narx qiymatidan yuqori ekanligini inobatga olib, “Prime Tower Group” MCHJ ommaviy tanlov gʻolibi deb topildi. Shunga koʻra, endilikja Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va mazkur talabgor oʻrtasida Bitim boʻyicha yuridik majburiy hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari amalga oshiriladi.