Oʻzimizda ishlab chiqarilgan havo filtrlari sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi

    Sanoat 12 Aprel 2023 1131

    Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqarilgan havo filtrlari azotli kompressor qurilmasida sinovdan oʻtkazildi.

    Joriy yil fevral oyida «Oʻzbekneftgaz» AJ ishchi guruhi “SDK GROUP AND” MCHJ QK bilan tizim korxona va boshqarmalar uchun importdan harid qilinayotgan turli xildagi filtr va moylarni oʻzlashtirish boʻyicha kelishuvlar olib borgan edi.

    Ushbu kelishuvlar asosida “SDK GROUP AND” MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan 3 dona havo filtri tajriba sinovidan oʻtkazish maqsadida «Oʻzbekneftgaz» AJ Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli azotli kompressor qurilmasiga oʻrnatildi. 72 soat davom etgan sanoat sinovlarida qurilmada hech qanday salbiy oʻzgarishlar aniqlanmadi.

    Tajriba sinov ishlari ijobiy yakunlanib, natijasi boʻyicha mutaxassislar tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirildi. Kelgusida havo filtrlarini sotib olishda birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchi takliflarini koʻrib chiqish belgilab olindi, deb xabar beradi «Oʻzbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.