Viloyatda ishsizlik 9,1 foizdan 7 foizga tushdi. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshgan.
Davlatimiz rahbari bu koʻrsatkichlar hali yetarli emasligini, yana 400 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish zarurligini taʼkidladi.
Yangi reyting boʻyicha Andijondagi bor-yoʻgʻi 461 nafar tadbirkor yuqori baholangani, aholini tadbirkorlikka jalb qilish sustligi koʻrsatib oʻtildi.
Mutasaddilarga 335 ming aholini ishli qilish, tadbirkorlik loyihalariga 8 trillion soʻm kredit berish, aholini kichik biznesga keng jalb qilish orqali Xoʻjaobod, Shahrixon, Buloqboshi tumanlarida kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish namunasini yaratish topshirildi.
Andijonda 225 ming aholi oʻzini oʻzi band qilgan. Moliyaviy koʻmak berilgani natijasida 45 mingi tadbirkorga aylandi.
Shu munosabat bilan 200 milliard soʻm resurs ajratib, oʻzini oʻzi band qilgan yana 40 ming aholi tadbirkorga aylanishiga koʻmaklashish topshirildi.
Viloyatning 16 ta tumani va shahrida kamida bittadan mikrokredit tashkilotini ochib, 30 ming aholi va tadbirkorga moliyaviy xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.