Davra suhbatida taʼkidlanganidek, butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda ham oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligi ortib bormoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra 2019-yilda dunyo boʻyicha ishlab chiqarilgan jami oziq-ovqat mahsulotlarining 1,64 milliard tonnasi (jami oziq-ovqat mahsulotlarining 31 foizi) chiqindiga aylangan. Bu oʻrinda yoʻqotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining faqatgina 25 foizi butun dunyodagi ochlik muammosini toʻliq hal qilishi mumkinligini qayd etish zarur.
Oʻzbekistonda esa har yili 3 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqindiga aylanmoqda. Jumladan, birgina Toshkent shahrida har kuni 2 tonnaga, yiliga 730 tonnaga yaqin non mahsuloti chiqindiga tashlanadi.
Tahlillarga koʻra mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligiga xayriya qilingan mahsulotlar uchun soliq yukining yuqoriligi, fudshering platformalarining mavjud emasligi, oziq-ovqat banklari faoliyatining yoʻlga qoʻyilmaganligi kabi muammolar sabab boʻlmoqda.
Tadbirda oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligini kamaytirish borasida Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Yaponiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlarda qoʻllanilayotgan choralar, xususan, xayriya faoliyati uchun soliq imtiyozlarini joriy etish, fudshering platformalari va oziq-ovqat banklari faoliyatini rivojlantirish, yaroqlilik muddatini belgilash tizimini takomillashtirish kabilarni Oʻzbekistonda ham joriy etish masalasi muhokama qilinib, vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari bu borada oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
“Korzinka.uz” supermarketlar tarmogʻi operatori “Anglesey Food” MCHJ asoschisi Zafar Xoshimov oziq-ovqat isrofgarchiligini kamaytirish borasida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, soliq maʼmurchiligi hamda mahsulotlarni yaroqlilik muddatini belgilash tizimini takomillashtirish, xayriya faoliyatini rivojlantirish uchun zarur elektron platformalarni yaratish kabi yoʻnalishlarda qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarni maʼqullab, ushbu masala oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi va narxlarning keskin oshishi kuzatilayotgan bugungi kunda dolzarb ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Tadbir yakunida oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligini oldini olish tizimini strategik takomillashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalangan holda aholini bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga kelishib olindi.