Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etiladi

    Ta'lim 30 Yanvar 2023 2871

    2023-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-22-son qarori qabul qilindi.

    Yangi OTM Qishloq xoʻjaligi vazirligi taʼsischiligida hamda Ummon Sultonligining “Atyab International Services” kompaniyasi ishtirokida tashkil etiladi.

    Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagilar:

    - xalqaro tan olingan sifat standartlarini (Global G.A.P, Organic, HACCP va boshqalar) joriy eta oladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

    - sohada ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyalari, bozor tendensiyalari, xavfsizlik va sifat standartlari, tarmoqni boshqarish usullari va mahsulot boʻyicha maʼlumotlar kabi yoʻnalishlarda taʼlimni rivojlantirish;

    - oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kichik va oʻrta biznes uchun texnologlar va rahbarlarni tayyorlash;

    - meva-sabzavot, sut, goʻsht, non va qandolat mahsulotlarini, moyli urugʻlar, asal va ziravorlarni qayta ishlash hamda don mahsulotlari boʻyicha zamonaviy xizmatlarni koʻrsatish;

    - oziq-ovqat texnologiyasi sohasida amaliy va innovatsion tadqiqotlar hamda zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

    Ummon Sultonligining “Atyab International Services” kompaniyasi ishtirokida Institut huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Agrobiznes subyektlari salohiyatini oshirish markazi — Capacity Building Center tashkil etiladi.

    Institutni tashkil etish uchun nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish Jahon bankining “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi 19,5 million dollar miqdoridagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

    Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti huzuridagi Qoʻqon qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar texnikumi negizida Institut huzuridagi Qoʻqon oziq-ovqat sanoati va xizmat koʻrsatish texnikumi tashkil etiladi.

    Institutda oʻqitish davlat taʼlim standartlarini hisobga olgan holda ingliz, rus va oʻzbek tillarida hamda kunduzgi, sirtqi hamda masofaviy taʼlim shakllarida amalga oshiriladi, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 28-yanvardan kuchga kirdi.